“Ochiq byudjet”: Ovozdan yo‘lgacha
Prezidentimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Ochiq byudjet” axborot portali bugun mamlakatimizda xalq fikrini rivojlanishning hal qiluvchi omiliga aylantirgan ta’sirchan mexanizm sifatida o‘z samarasini bermoqda. Fuqarolar tashabbusi asosida shakllangan loyihalarni moliyalashtirish mahallalar qiyofasini o‘zgartirish, aholi turmush sifatini yaxshilash va infratuzilmani izchil rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi “Bog‘ishamol” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari ana shunday ezgu islohotlarning amaliy ifodasidir.
Xususan, mahalla hududidagi qariyb 6 kilometr shag‘al yo‘l asfalt qoplamasi bilan ta’mirlandi. Natijada aholi uchun xavfsiz va qulay harakatlanish imkoniyati yaratildi. Eng muhimi, maktab o‘quvchilarining ta’lim muassasasiga qatnovi ancha yengillashdi, fuqarolarning kundalik yurib-turishi uchun munosib sharoit yaratildi, transport harakati samaradorligi oshdi.

Bu kabi loyihalarning hayotga tatbiq etilishi mamlakatimizda inson manfaati ustuvorligiga asoslangan davlat siyosatining izchil davomi ekanini ko‘rsatadi. Xususan, Prezidentining 2022-yil 25-oktabrdagi “Jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan ishtirokchilik byudjetlashtirish tizimi yanada takomillashtirildi, “Ochiq byudjet” orqali aholi tashabbuslarini moliyalashtirish imkoniyatlari kengaytirildi hamda mahallalardagi dolzarb muammolarni jamoatchilik fikri asosida hal etishning samarali mexanizmi yaratildi. Baxmal tumanidagi mazkur amaliy natija ushbu qaror ijrosi izchil ta’minlanayotganining yana bir yorqin tasdig‘idir.

E’tiborlisi, mazkur loyiha nafaqat yo‘l infratuzilmasini yaxshiladi, balki davlat bilan xalq o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikni yanada mustahkamladi. Zero, tashabbus aholidan, qaror jamoatchilik fikridan, natija esa butun mahalla manfaatidan kelib chiqmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri