Obod mahallami yoki barbod mahalla?
Qarshi shahridagi Kunchiqar mahallasi shahardagi fayzli mahallalardan biri edi. Endi-chi?
Qarshi shahridagi Kunchiqar mahallasi shahardagi fayzli mahallalardan biri edi. Endi-chi?
Toʻgʻri, mahallaga tortib kelingan ichimlik suvi va kanalizatsiya quvurlari eskirgani bois ichimlik suvi kelishi va chiqindi suvlarining chiqib ketishida muammolar yuz berayotgan edi.
Ammo ushbu muammolarga barham berish va mahallani yana-da obod qilishni maqsad qilgan mutasaddilar qosh qoʻyaman deb koʻz chiqargan koʻrinadi.

Negaki, mahallaning asfalt qilingan koʻchalari ichimlik suvi, kanalizatsiya va oqova suv quvurlari tortish uchun bir emas, uch marta kovlandi. Natijada asfalt oʻrnida loy, balchiq, koʻlmaklar paydo boʻlib, koʻchalar abgor holatga tushdi. Boz ustiga, har zamonda kelib turadigan ichimlik suvidan ham endi darak yoʻq. Oqova suvni-ku aytmasa ham boʻladi.
– Shu mahallada uzoq yillardan beri yashayman, – deydi Qiyom Yuldoshev. – 2000-yildan buyon ichimlik suvi bilan bogʻliq muammolar mavjud. Oxiri hovlimizga hovuz qurib, suvni sotib oladigan boʻldik. Mahallamizda suv quvurlari yangilanadi deganda juda xursand boʻlgan edik. Ammo mana bir yildirki, suvni ulab bermaydi. Yaqinda ichimlik suvidan qarzdorlik ham keldi, hayratda qoldik. Qayta-qayta qazib, koʻchamizni ham vayron qilib tashlashdi. Bundan tashqari, quvurlar sifatli yotqizilmagan, suv kelsa koʻp joylardan toshib ketadi.


Achinarlisi, bu yerdagi bunyodkorlik ishlari “Obod mahalla” dasturi doirasida bajarilgan. Mutasaddilardan qanday ishlar bajarilganini soʻrashga ham hojat yoʻq. Chunki mahalladagi holatda nima qilinganiyu nima qilinmagani kunday ravshan. Viloyat markazidagi mahallada dastur doirasida amalga oshirilgan ishlar sifati shu taxlit boʻlsa, koʻzdan yiroqlarida ahvol qanday ekan?




