“Obod mahalla” dasturi ijrosi deputatlar nazoratida
Buxoro viloyati Vobkent tumani Shohnigor mahalla fuqarolar yig‘ini eng chekka va olis hudud hisoblanadi. Mazkur mahalla fuqarolar yig‘ini ijtimoiy-iqtisodiy holati og‘ir hududlar toifasiga kiritilgan.
– Vobkent tumanidagi Shohnigor mahallasida jami 988 ta aholi xonadoni mavjud bo‘lib, 560 ta oila, 1 ming 183 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati –O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan saylangan deputat, xalq deputatlari tuman kengashi kotibiyati mudiri Muborak Naimova.
– Har bir ko‘chaga partiyadan saylangan deputatlar, O‘zLiDeP faollari biriktirildi. Ular tomonidan xonadonma-xonadon yurib, aholi muammolari o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida 853 ta muammo aniqlandi. Mavjud muammolar partiyaviy vositalar orqali hal qilinishiga kelishib olindi. Aksariyat muammolar yuzasidan tegishli mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari chiqarildi. Shuningdek, xalq deputatlari tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi tomonidan doimiy komissiya hamda navbatdagi sessiya kun tartibiga kiritish uchun masalalar tayyorlanmoqda.
Partiyaning viloyat Kengashi mas’ul xodimlari hamda mahalliy kengash deputatlaridan tashkil etilgan ishchi guruh a’zolari “Shohnigor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi bunyodkorlik, obodonchilik, ko‘kalamzorlashtirish ishlarida ham faol qatnashib kelmoqda. Hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar partiyaviy va deputatlik nazoratiga olingan.
– Oilada 6 nafarmiz, – deydi “Shohnigor” mahallasi Qo‘rjuq qishlog‘i 5-xonadonda yashovchi Nuriddin Salomov. – O‘zim va ayolim nafaqada. Qizim 25 yoshda. Yuragini yaqinda operatsiya qildirib Toshkentda 35 million so‘mga stend qo‘ydirdik. Lekin unga nafaqa tayinlashda muammolar yuzaga kelmoqda. Deputatlarga shu masalada yordam so‘rab murojaat qilgandim. Yaqin kunda amaliy yordam berilishini ta’kidlashdi.
– Nuriddin Salomov oila a’zolarining salomatligini nazorat qilish, ularga tibbiy yordam ko‘rsatish doimiy nazoratimiz, – deydi Shohnigor oilaviy shifokorlik punktining Patronaj tibbiyot hamshirasi Shoira Hakimova. – Qizlarining sog‘ligi yomonligi sababli doimo tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turamiz. Ularga kerakli birinchi tez tibbiy xizmatini amalga oshirib kelyapmiz.
– Hududda 83 nafar fuqaro “Temir”, 50 nafari “Ayollar”, 42 nafari “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan, – deydi O‘zbekiston liberal-Demokratik partiyasidan saylangan tuman kengashi deputati Oybek Rahmonov. – “Ayollar daftari”ga kirgan 6 nafar ayolning xonadonlarida obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Ikki nafar ayolning bandligi ta’minlandi. Tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ayollar va yoshlar uchun seminarlar tashkil etildi. Ularga subsidiya asosida issiqxonalar qurib berildi.
Hududda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarda O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari va partiya faollari jonkuyarlik ko‘rsatmoqda.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA