O‘zbekistonlik talaba xalqaro tanlovning final bosqichida
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining to‘rtinchi kurs talabasi Feruz Muyassarov "IT sayyorasi – 2016/17" X xalqaro olimpiadaning final bosqichiga yo‘llanma oldi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining to‘rtinchi kurs talabasi Feruz Muyassarov "IT sayyorasi – 2016/17" X xalqaro olimpiadaning final bosqichiga yo‘llanma oldi.«AT Consulting», «1S», «Cisco», «Huawei», «Inter Systems», «Oracle» kabi yirik xalqaro kompaniyalar tanlov tashkilotchilari va homiylaridir.
Har yili o‘tkaziladigan mazkur xalqaro olimpiada butun dunyoda axborot texnologiyalari sohasida iste’dodli talabalar va yosh mutaxassislarni aniqlash, qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Bu yetakchi xalqaro IT-kompaniyalarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash, o‘z bilim va ko‘nikmasini yanada boyitish uchun ishtirokchilarga qulay imkoniyatdir.
Joriy yilda "IT sayyorasi – 2016/17" X xalqaro olimpiadaning saralash bosqichida 12 mamlakatdan 17 mingdan ziyod talaba va IT mutaxassisi ishtirok etdi. Ballar hisob-kitob qilingach, ularning bir yarim mingdan ortig‘i ikkinchi bosqichga o‘tdi. Final ishtirokchisi bo‘lish uchun amaliy vazifalarni bajarish, berilgan topshiriq yuzasidan ijodiy ishlar bo‘yicha eng yaxshi natijalarni ko‘rsatish kerak edi. Tanlovning 15 nominatsiyasidan birida g‘olib chiqishga da’vogarlik qilayotgan 370 ishtirokchi orasida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining to‘rtinchi kurs talabasi Feruz Muyassarov ham bor.
– Turli o‘tkazgich qurilmalari xususiyatlarining fizik cheklovlari elektron va komputer tarmoqlarini loyihalashtirishda ko‘plab muammolarga sabab bo‘ladi, – deydi Feruz. – Men telekommunikatsiya tarmoqlarini ishlab chiqish va loyihalashtirishda barcha turdagi o‘tkazgich va qurilmalardan samarali foydalanish uchun ularning xususiyatlarini o‘rganmoqdaman. Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari talabalari ham boshqa davlatlarning eng yaxshi vakillari bilan teng bellashish imkoniyatiga ega bo‘lgani O‘zbekistonda ta’lim tizimi samaradorligi yuksakligidan dalolat beradi.
"IT sayyorasi – 2016/17" X xalqaro olimpiadaning final bosqichi shu yil 2-5-iyun kunlari Sochi shahrida o‘tkaziladi. Final bosqich dasturida musobaqalardan tashqari yetakchi xalqaro axborot texnologiyalari kompaniyalari ishtirokida mahorat saboqlari va ma’ruzalar tinglash ham ko‘zda tutilgan.