O‘zbekistonda yana ikkita yo‘llanma
Yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Elmurod Tasmurodov va Mo‘min Abdullayev XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi
Yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Elmurod Tasmurodov va Mo‘min Abdullayev XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi
Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha Olimpiadaga yo‘llanma beruvchi birinchi jahon saralash turniri O‘zbekiston sportchilari uchun muvaffaqiyatli boshlandi.
Turnirda mamlakatimiz sportchilaridan yunon-rum kurashi bo‘yicha Elmurod Tasmurodov, Nurbek Xolmuhamadov, Suhrob Fattoyev, Mo‘min Abdullayev, erkin kurash bo‘yicha Nodirjon Safarov, Rashid Qurbonov, Umidjon Ismanov, Magomed Ibragimov, Hasanboy Rahimov, xotin-qizlar kurashi bo‘yicha Zuhra Mustanova va Nabira Yesenboyeva ishtirok etmoqda.
Musobaqaning dastlabki kunida yunon-rum kurashi bo‘yicha terma jamoamiz yetakchilaridan biri Elmurod Tasmurodov vazni 59 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bellashuvida isroillik Andrey Saryuk, shvetsiyalik Frunze Arutyunyan, chorak finalda vengriyalik Peter Modosni yengib, yarim finalga chiqdi. Bronza medal uchun kechgan bahsda bolgariyalik Ivo Angelov ustidan g‘alaba qozondi.
Qoidaga ko‘ra, bronza medalni qo‘lga kiritgan ikki sportchi Olimpiada yo‘llanmasi uchun o‘zaro bellashishi kerak edi. Mazkur bahsda Elmurod Tasmurodov gruziyalik Revaz Lashkini yengib, yo‘llanma sohibi bo‘ldi.
Vazni 130 kilogrammgacha bo‘lgan kurashchilar bellashuvida Mo‘min Abdullayev gretsiyalik Nikolaos Leonni yengib, eronlik Amir Muhammadali Gasemimonjaziyga imkoniyatni boy berdi.
Uchinchi o‘rin uchun M.Abdullayev vengriyalik Balint Lam va belaruslik Iosif Chugoshvili qarshiligini yengib o‘tdi. Tajribali sportchimiz Olimpiya yo‘llanmasi uchun kechgan bahsda bolgariyalik Miloslav Metodiyevga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.