O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan xalq iste’moli tovarlari taqdimoti o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan xalq iste’moli tovarlari taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda mamlakatimizda iste’mol tovarlari ishlab chiqaradigan korxonalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani va ichki talabning rag‘batlantirilayotgani iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmining jadal o‘sishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Bugun ichki va tashqi bozorda ushbu tovarlarga bo‘lgan talab ortib borayotir.
Har yili o‘tkazib kelinayotgan “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” taqdimoti aholining yurtimizda ishlab chiqarilayotgan tovarlar haqida xabardorligini yanada oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari mahsulotlarini ichki hamda tashqi bozorlarga chiqarishga ko‘maklashmoqda.
– Bugun “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i bosilgan tovarlar iqtisodiyotimiz bunyodkorlik salohiyatining ramzlaridan biriga aylandi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tashqi iqtisodiy aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Nazira Dadaxonova. – Jahon bozorida milliy iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini oshirish jarayonida elektrotexnika sanoati yetakchi o‘rin tutmoqda. Shu bois joriy yilgi taqdimot elektrotexnika mahsulotlariga bag‘ishlandi.
Taqdimot marosimida “Foton”, “AZN”, “UZTELMASH” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, “Roison Electronics”, “Alubond Composite Material”, “O‘zelektroapparat-Elektroshchit” va boshqa korxonalar o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.
Taqdimot doirasida o‘tkazilgan ko‘rgazma ekspozitsiyasidan muqobil energetika asbob-uskunalari, energiya tejaydigan texnologiyalar, maishiy texnika, savdo va sovutish jihozlari hamda boshqa turdagi xalq iste’moli tovarlari o‘rin oldi.
– Maishiy texnika bozoridagi kuchli raqobat ishlab chiqarishni muttasil takomillashtirishni talab qilmoqda, – deydi “Roison Electronics” qo‘shma korxonasining tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha menejeri Shoxruh Abdullayev. – Shu bois zamonaviy, ekologik toza va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishda tajriba o‘rganish maqsadida nufuzli xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Shuningdek, mahsulot hajmini ko‘paytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarimiz “Jizzax” maxsus industrial zonasidagi yangi zavod hisobidan yanada oshadi.
Tadbirda kompaniyalar vakillari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytardi.