Oʻzbekiston - Ukraina maslahatlashuvlariga oid
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasiga Xalqaro huquq departamenti direktori oʻrinbosari Sergey Koledov va Departament maslahatchisi Ivan Noviskiy boshchilik qildi.
Oʻzbekiston-Ukraina hamkorligi shartnomaviy-huquqiy bazasini inventarizatsiya qilish va takomillashtirish boʻyicha vazirliklararo maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi videokonferensaloqa shaklida boʻlib oʻtdi. Bu haqda mamlakatimiz Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati sayti maʼlum qilgan.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasiga Xalqaro huquq departamenti direktori oʻrinbosari Sergey Koledov va Departament maslahatchisi Ivan Noviskiy boshchilik qildi.
Maslahatlashuvlar chogʻida amaldagi shartnomaviy-huquqiy bazaning joriy holati muhokama qilindi, ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy asoslarini kengaytirish masalasi yuzasidan fikr almashildi.
Savdo-iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi va taʼlim sohalarida amaliy ahamiyatga ega hujjatlarni ishlab chiqishni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Idoralararo siyosiy muloqotni va oʻzaro qiziqish uygʻotadigan masalalar boʻyicha hamkorlikni faollashtirish maqsadida ekspertlar ikki mamlakat tashqi siyosiy idoralari oʻrtasidagi davriy hamkorlik dasturlarini ishlab chiqishni boshlashga kelishib oldilar.
Uchrashuvda delegatsiyalar, shuningdek, ikki mamlakatning xalqaro norma ijodkorligi faoliyatidagi ishtiroki, shu jumladan, xalqaro huquq normalarini rivojlantirib borish va kodifikatsiya qilish masalalari boʻyicha fikr, tajriba almashdilar.