O‘zbekiston sportchilari tahsinga loyiq
Janubiy Koreyaning Incheon shahrida davom etayotgan XVII yozgi Osiyo o‘yinlarida qit’amizning 45 davlatidan sportchilar ishtirok etmoqda.
Incheon. O‘zA maxsus muxbiri Mehribon Mametova xabar qiladi.
Janubiy Koreyaning Incheon shahrida davom etayotgan XVII yozgi Osiyo o‘yinlarida qit’amizning 45 davlatidan sportchilar ishtirok etmoqda.
O‘zA muxbiri O‘zbekiston sportchilarining Osiyo o‘yinlarida erishayotgan yutuqlari, mamlakatimizda sport va olimpiya harakatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida musobaqa ishtirokchilari va mehmonlarining fikrlari bilan qiziqdi.
Jang Tsong-Rong, Xitoy Taypeyi Milliy kurash assotsiatsiyasi prezidenti:
– O‘zbek kurash maktabi dunyoda katta obro‘ga ega. O‘zbekistonda turli usullarda kurashadigan polvonlarning bir necha avlodi yetishib chiqqan. Ularning nomi ushbu sport turi tarixiga kiritilgan. O‘zbekiston kurashchilarining zafarli an’anasini yosh polvonlar davom ettirib, g‘alabaga bo‘lgan kuchli ishtiyoq bilan Osiyo o‘yinlarida munosib ishtirok etmoqda.
Osamu Saito, Yaponiya Kurash federatsiyasi hakamlik qo‘mitasi raisi:
– O‘zbekistonda to‘rt marta bo‘lganman va mamlakatingizda sport jadal rivojlantirilayotganidan yaxshi xabardorman. Ayniqsa, yaqinda Toshkentda erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionati menda katta taassurot qoldirdi. Yuqori saviyada tashkil etilgan ushbu musobaqada sayyoramizning eng kuchli kurashchilari ishtirok etdi. O‘zbekistonda barcha nufuzli xalqaro musobaqalarni shunday o‘tkazish an’anaga aylangan. Osiyo o‘yinlarida o‘zbekistonlik kurash ustalari bilan yana bir bor uchrashganimdan xursandman. Ularning muvaffaqiyatli ishtirokini katta qiziqish bilan kuzatib boryapman.
Ibrohim Omar, Malayziya Milliy velosport federatsiyasi texnik direktori:
– So‘nggi vaqtda jahonda velosport jadal rivojlanmoqda. Ko‘plab mamlakatlar ushbu sport turi bo‘yicha milliy turnirlarni qit’a va xalqaro musobaqalar taqvimiga muvofiq holda o‘tkazayotgani buning yaqqol tasdig‘idir. O‘zbekiston ham bundan mustasno emas. Mamlakatingizda sportning ushbu va boshqa turlari izchil rivojlantirilayotgani, sportchilar xalqaro darajada tayyorlanayotganidan xabardorman. Osiyo o‘yinlarida velosportchilaringiz ishtirokini diqqat bilan kuzatdim. O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilib, yuqori natijalarga erishgan Murodjon Xolmurodovni alohida qayd etmoqchiman. Uning boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etishiga ishonaman.
Ksaba Szanto, Xalqaro kanoe federatsiyasi texnik eksperti:
– O‘zbekistonda sportning baydarka va kanoeda eshkak eshish turi ommalashib bormoqda. Mamlakatingizda buning uchun zamonaviy sport bazasi mavjud, sportchilar yangi qayiqlar va zarur inventarlar bilan ta’minlanmoqda. Samarqandda zamonaviy eshkak eshish kanalining ochilgani bu borada navbatdagi qadam bo‘ldi. Bu yerda o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkazildi va boshqa xalqaro musobaqalar ham tashkil etilmoqda. Buning samarasida O‘zbekiston sportchilari yuqori natijalarga erishmoqda. Masalan, Osiyo o‘yinlarida ularning 2 oltin, 1 kumush va 2 bronza medaliga sazovor bo‘lgani buning yaqqol isbotidir. Bu tahsinga loyiq natija.
Garri Txobanyan, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining birinchi toifali hakami:
– Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini ko‘plab og‘ir atletikachilar himoya qildi. Bu sportning ushbu turi mamlakatingizda jadal rivojlantirilayotganidan, og‘ir atletika bo‘yicha yirik musobaqalar – Osiyo chempionatlari va Osiyo kubogi turnirlarining muntazam o‘tkazib kelinayotgani ham bundan dalolat beradi. Ushbu musobaqalarning ayrimlarida ishtirok etib, Ruslan Nurudinov, Ivan Yefremov, Ulug‘bek Alimov kabi mashhur shtangachilarni ko‘rdim. Ayniqsa, O‘zbekistonda og‘ir atletikaga qizlar tobora qiziqish bildirayotgani quvonarlidir. Masalan, mazkur Osiyo o‘yinlarida Mahliyo Tog‘ayeva, Marina Sisoyeva, Farangiz Shomurodova o‘z mahoratini namoyish etdi.