Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi saylovlarda ochiqlikni taʼminlashda huquqiy asosdir
Konstitutsiyamizga muvofiq fuqarolar jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadir. Bu jarayon asosan saylovlarda namoyon boʻladi.
“Saylov – 2019”
Konstitutsiyamizga muvofiq fuqarolar jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadir. Bu jarayon asosan saylovlarda namoyon boʻladi.
Saylovlar orqali fuqarolar oʻzi munosib bilgan shaxsni hokimiyat organiga saylaydi, ularga nisbatan oʻz munosabatini bildiradi hamda davlat boshqaruvini amalga oshirishda ishtirok etadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan mamlakatimizda saylov tizimini isloh qilish, uni yanada demokratlashtirish, xalqaro andoza va prinsiplarga moslashtirish, fuqarolarga qulaylik va erkinlik yaratish boʻyicha muhim ishlar olib borilmoqda. 2018-yil 28-dekabrda davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Kelgusi yili mamlakatimizda Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarga navbatdagi saylov oʻtkaziladi. Yurtimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻlgan ushbu siyosiy jarayonni milliy qonunchiligimiz va xalqaro standartlar asosida yuqori saviyada oʻtkazish uchun har tomonlama tayyorgarlik ishlarini boshlashimiz zarur” deb taʼkidlgan edi.
Bugun mamlakatimizda saylovlarni umumeʼtirof etilgan xalqaro prinsiplar va standartlarga mos ravishda oʻtkazishga imkon beradigan qonunchilik bazasi shakllantirildi. Oʻzbekiston Respublikasining yangi Saylov kodeksi kuchga kirdi.
Endilikda saylovlar koʻp partiyaviylik asosida oʻtkazilishi, Prezident, Qonunchilik palatasi deputatlariga nomzodlar siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilishi, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar esa siyosiy partiyalarning joylardagi tegishli tuzilmalari tomonidan bildirilishi haqidagi prinsipial qoidalar mustahkamlab qoʻyildi.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 4-oktyabrdagi “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizda boʻladigan saylov tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilishni taʼminlash, shuningdek, saylov jarayonlarini boshqarishda axborot tizimini joriy qilish kabi maqsadlarda qabul qilingani bilan ham ahamiyatlidir.
Mazkur qaror mamlakatimizda saylov tizimini yanada takomillashtirish, saylovchilarning huquqiy madaniyati hamda siyosiy faolligini yuksaltirish, saylovlarning ochiq, oshkora va transparentligini taʼminlashga zarur sharoit yaratadi. Saylov jarayoniga fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari hamda mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarning ishtirokini kengaytirish borasida dasturilamal boʻlishiga ham ishonchimiz komil.
Prezidentimizning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasidagi gʻoyalarni amalga oshirish hamda mamlakatda davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi islohotlar samaradorligini taʼminlash yoʻlidagi keyingi qadam sifatida mamlakat siyosiy maydonida yangi – Oʻzbekiston Ekologik partiyasi tashkil etildi. Ekologik partiyaning tuzilishi Oʻzbekiston tarixida alohida sahifa boʻlib, mamlakatda amalga oshirilayotgan Strategiyaning yaqqol hosilasidir. Shuningdek, Oʻzbekistonda Ekologik partiya tuzilishi mamlakatning jahon hamjamiyati oldidagi nufuzini oshirdi.
Albatta, saylov qonunchiligiga muvofiq Ekoharakatga berilgan kvotadan voz kechilishi Ekologik partiya uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib berdi.
Shu paytga qadar kvotalash instituti imkoniyatlarimizni maʼlum darajada chegaralab qoʻygandi. Yaʼni, mahalliy Kengashlarda deputatlarimiz yoʻq boʻlgani bois, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga boʻlib oʻtadigan saylovlarda ishtirok eta olmasdik. Bu vertikal tizimda ishlash, mahalliy ekologik muammolarni oʻz vakillarimiz orqali joylarda hal etish imkonini bermas edi. Shuningdek, Ekoharakatda boshqa siyosiy partiyalar singari barqaror moliyalashtirish manbai yoʻq edi.
Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Ekologik partiyasining tashkil etilishi va uning saylovlarda ishtirok etishi yuqorida koʻrsatilgan muammolarga yechim topishga xizmat qiladi.
“Biz kelajak uchun javobgarmiz” gʻoyasi ostida hozirgi va kelgusi avlodning qulay atrof-muhitga ega boʻlish huquqini taʼminlash, ekologik barqarorlikka erishish, aholi salomatligini muhofaza qilish yoʻlida jamiyatni ijtimoiy guruhlarga ajratmagan holda, uning barcha kuch-salohiyatni birlashtirish Oʻzbekiston Ekologik partiyasining asosiy vazifasidir.
Albatta, partiyalar katta imtihon oldida turibdi. Bu borada yangi tashkil etilgan va saylovlarda ilk marta ishtirok etayotgan Oʻzbekiston Ekologik partiyasi masʼuliyatni ikki bora his etmoqda. Boz ustiga, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi birinchi marta saylovlarda ishtirok etish va elektorat bilan ishlash tajribasini oʻzlashtirmoqda.
Saylov kuniga ham qisqa muddat qoldi. Yurtimizning siyosiy-ijtimoiy hayotida gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻlgan ushbu siyosiy jarayonni milliy qonunchiligimiz va xalqaro standartlar asosida yuqori saviyada oʻtkazish uchun har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrishni talab etadi.
Partiyamiz ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, televideniye, internet va ijtimoiy tarmoqlardan unumli foydalanishga, taʼsirchan bosma, koʻrgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini nashr qilish va tarqatishga jiddiy eʼtibor qaratmoqda.
Partiyaning yangi www.ecouz.uz sayti ishga tushirilib, unga elektron aʼzo boʻlish tizimi yaratildi. Ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar ochildi.
OAVda chiqishlar boʻyicha media-reja ishlab chiqilib, uning ijrosi taʼminlanmoqda, mazkur yoʻnalishda internet saytlar va blogerlar bilan ishlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Partiya maqsadlarini targʻib etishga qaratilgan bannerlar, bukletlar, plakatlar, boshqa koʻrgazmali targʻibot va tarqatma materiallar tayyorlandi.
Bu kabi tadbirlar partiyamizning saylovda munosib ishtirokini taʼminlashga xizmat qilishiga ishonamiz.
Erkin OMONOV,
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi
Axborot xizmati rahbari.