Oʻzbekiston – Hindiston: Azaliy doʻstlik va hamkorlik rishtalari yangi bosqichga koʻtarilmoqda
Yangilangan Oʻzbekiston bilan qalin sheriklik munosabatlarini bogʻlagan davlatlardan biri Hindiston Respublikasidir.
Elchi minbari
Yangilangan Oʻzbekiston bilan qalin sheriklik munosabatlarini bogʻlagan davlatlardan biri Hindiston Respublikasidir. Mamlakatimizdan yaqinda ushbu davlatga yangi elchi tayinlandi. OʻzA muxbiri Hindistonda diplomatik missiyasini boshlagan Dilshod AHATOV bilan videokonferensaloqa orqali intervyu uyushtirdi.
– Dilshod Hamidovich, avvalo, Sizni ushbu sharafli va masʼuliyatli lavozimga tayinlanganingiz bilan tabriklaymiz! Siz yaqinda Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Nath Kovindga ishonch yorligʻini topshirib, rasman elchilik faoliyatingizni boshladingiz. Dastlabki taassurotlaringiz qanday?
– Eʼtibor uchun katta rahmat! Oʻzbekistonning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlanganim katta sharafdir. Davlatimiz rahbari va xalqimiz tomonidan Vatanimiz manfaatlarini ushbu mamlakatda ilgari surish, Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasidagi keng qamrovli aloqalarni yana-da rivojlantirish maqsadida koʻrsatilgan yuksak ishonchni oqlash yoʻlida bor kuch-gʻayratimni, tajriba va bilimimni safarbar etishni, sidqidildan mehnat qilishni oʻzimning sharafli burchim, deb bilaman. Shu bilan birga, elchilik insondan yuqori masʼuliyatni ham talab etadi.
Hindistonga kelgan har bir inson, kitoblarda bitilganidek, hind xalqi eposlari, mamlakatga bagʻishlangan qiziqarli hikoyalar, ularda tasvirlangan sultonlar va goʻzal saroylar, Bollivud filmlari, ajoyib kuy-qoʻshiqlar va raqslarni yodga oladi. Mamlakat qadimiy tarixi, boy madaniyati, chuqur ildizlarga ega milliy anʼanalari va urf-odatlari bilan sayyohlarni doim oʻziga jalb etib kelgan.
Hozirgi vaqtda dunyoning boshqa mamlakatlari kabi Hindistonda ham koronavirus pandemiyasi tufayli kiritilgan karantin qoidalari va talablariga rioya qilgan holda, ish faoliyatimizni videokonferensiyalar va telefon muloqotlari orqali amalga oshirmoqdamiz. Karantin choralari yumshatilganidan keyin esa ushbu mamlakat rang-barang hayotining barcha jabhalarini odamlar bilan bevosita muloqot qilish orqali chuqurroq oʻrganish faoliyatimning muhim jihatidan biri boʻladi, albatta.
– Hindiston Oʻzbekistonning strategik sheriklaridan biri. Mamlakatlarimiz oʻrtasida koʻp asrlik tarixiy aloqalar mavjud. Bugungi kunda oʻzaro hamkorlik qaysi sohalarda rivojlanmoqda?
– Hindiston bugungi kunda nafaqat qadimiy tarix va boy madaniyatga, balki dunyo miqyosida ulkan siyosiy, iqtisodiy va ilmiy salohiyat hamda katta nufuzga ega davlat sifatida eʼtirof etiladi. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti, sanoat ishlab chiqarishi, tashqi savdosi hajmi boʻyicha va koʻplab boshqa sohalarda jahonda yetakchi oʻrinlarda turadi.
Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasidagi tarixiy va madaniy mushtaraklik, mamlakatlarimiz xalqlarining doʻstona rishtalari, hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan, bugungi kunda strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgan hamkorlik ikki tomonlama keng qamrovli munosabatlarning mustahkam poydevori boʻlib xizmat qilmoqda.
Shuni alohida taʼkidlashni istardim, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindistonga soʻnggi ikki yilda ikki bor tashrif buyurdilar. Xususan, Prezidentimiz 2018-yil oktyabr oyida davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʻldi, 2019-yil yanvar oyida esa “Joʻshqin Gujarat – 2019” xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etdi. Mazkur tashriflar doʻst davlat bilan strategik sheriklik munosabatlarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi.
Ushbu muloqotlar davomida juda koʻplab yoʻnalishlarda aniq kelishuvlarga erishildi va hozirgi kunda ularni hayotga tatbiq qilish borasida faol ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasidagi mavjud ulkan imkoniyat va salohiyatdan yana-da samarali foydalanish maqsadida bugungi kunda ushbu mamlakat bilan hamkorligimiz turli jabhalarda rivojlanmoqda. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va texnologik, turizm, oliy taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar, sogʻliqni saqlash, madaniyat, hududlararo hamkorlik va boshqa koʻplab sohalar shular jumlasidandir.
– Siz bir necha yil Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari vazifasida ishlab, ushbu sohada boy tajriba toʻplash imkoniyatiga ega boʻldingiz. Aytingchi, bugungi kunda mamlakatimiz diplomatik missiyalari rahbarlari oldiga qanday talablar qoʻyilgan? Ularni bajarish uchun Siz elchi sifatida qanday rejalarni belgilab oldingiz?
– Bugungi kunda elchilar faoliyati Prezidentimiz tomonidan tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyat sohalarida belgilab berilgan dolzarb vazifalar hamda 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish borasidagi topshiriqlar ijrosiga qaratilgan.
Jumladan, Prezidentimiz rahbarligida faol, har tomonlama muvozanatli va konstruktiv tashqi siyosatni yuritish, mamlakatimiz atrofida xavfsiz, barqaror va yaxshi qoʻshnichilik muhitini mustahkamlash, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni samarali amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, xorijiy hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, chet eldagi fuqarolarimiz huquq va manfaatlarini himoya qilish va boshqa koʻplab yunalishlarda ish olib borilmoqda.
Soʻnggi uch yilda elchixonalarimiz faoliyatida, birinchi navbatda, iqtisodiy diplomatiyaga eʼtibor qaratilayotganini alohida taʼkidlash joiz. Prezident tomonidan diplomatik missiyalar oldiga mamlakat tashqi iqtisodiy manfaatlarini faol ilgari surish, xususan, milliy mahsulotlar eksporti hajmini oshirish, xorijiy investitsiya va texnologiyalar hamda sayyohlar oqimini jalb etish boʻyicha muhim vazifalar qoʻyilgan.
Bu borada mutlaqo yangi, innovatsion yondashuv ilgari surilgan – har bir xorijiy diplomatik muassasa mamlakatimizning muayyan hududlariga viloyat va tumanlar kesimida biriktirilgan. Ishimizning muhim tarkibiy qismi – mahalliy hokimiyat organlari va tarmoqlar bilan kunlik muloqot orqali yuqoridagi vazifalarni bajarish, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bogʻliq barcha dolzarb masalalarni tezkor va samarali hal qilishdir.
Yuqorida koʻrsatilgan vazifalarni bajarish uchun mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro ishonchga asoslangan siyosiy muloqotni mustahkamlash, ikki tomonlama munosabatlar lokomotivi hisoblanadigan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yana-da jadallashtirish, madaniy-gumanitar aloqalar, harbiy va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga har tomonlama koʻmak berish faoliyatimning asosini tashkil qiladi.
– Koronavirus pandemiyasi davlatlararo savdo-iqtisodiy munosabatlarga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Joriy yil Hindiston bilan oʻzaro savdo hajmida qanday natijalar kutilyapti? Umuman, inqiroz holatidan chiqish va savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun olib borilayotgan saʼy-harakatlar xususida fikr bildirsangiz.
– Haqiqatan ham, koronavirus pandemiyasi xalqaro hayot va davlatlararo hamkorlik koʻlamiga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmadi. Shunga qaramasdan ishimiz susayib qolgani yoʻq, aksincha faoliyatimizni yangi, noanʼanaviy yondashuv asosida yana-da jadalroq amalga oshirishda davom etyapmiz. Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasidagi koʻp qirrali aloqalarni izchil rivojlantirish va yana-da mustahkamlash maqsadida ushbu mamlakatdagi hamkorlar bilan uzluksiz muloqotdamiz, yaʼni uchrashuv va muzokaralar, videokonferensiya va telefon orqali suhbatlarni tashkil etyapmiz.
Savdo-iqtisodiy aloqalar borasida soʻz borganda, Oʻzbekiston odatda Hindistonga dukkakli mahsulotlar va quruq mevalar yetkazib berganini qayd etish oʻrinli. Soʻnggi yillarda eksport imkoniyatlari ipak mahsulotlari, ip-kalava, hoʻl meva va boshqa turdagi yangi mahsulotlar hisobiga kengaydi. Joriy yilning yanvar-mart oylarida Oʻzbekistonning Hindistonga eksporti oʻtgan yilning shu davriga nisbatan deyarli 144 foizga oʻsdi.
Ammo pandemiya boshlanishi bilan kiritilgan karantin cheklovlari tufayli, afsuski, savdo-sotiq hajmi birmuncha susaydi. Karantin choralari kuchaytirilishiga qaramasdan, hozirgi kunda yuqorida zikr etilgan mahsulotlar eksport hajmini tiklashga hamda yangi mahsulotlar savdosini yoʻlga qoʻyishga harakat qilmoqdamiz.
– Hind ishbilarmon va akademik doiralari bilan Oʻzbekistonda yana qaysi yoʻnalishlarda yirik loyihalarni amalga oshirish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda?
– Hindistonning ulkan iqtisodiy, texnologik va intellektual salohiyati ushbu mamlakat bilan hamkorlikning yangi jabhalarini ochish uchun juda yaxshi imkoniyatdir.
Hindistonlik investorlarning yurtimizga boʻlgan qiziqishi ortib bormoqda. Xususan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, farmatsevtika, sogʻliqni saqlash, mehmonxona infratuzilmasini boshqarish, avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish, oliy taʼlimning turli yoʻnalishlarida qoʻshma dasturlarni amalga oshirish kabi sohalarda mustahkam hamkorlik oʻrnatilgan.
Masalan, 2010-yildan buyon “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hududida avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan “UzMinda” Oʻzbekiston – Hindiston qoʻshma korxonasi oʻz faoliyatini kengaytirish niyatida. Korxona taʼsischisi “Spark Minda” kompaniyasi rahbari Ashok Minda yurtimizning boshqa viloyatlarida ham ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishga tayyorligini maʼlum qildi. “UNO Minda” kompaniyasi rahbariyati esa ushbu sohada butunlay yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida qiziqish bildirdi.
Shuningdek, Hindistonning yirik “Kusum Healthcare” farmatsevtika kompaniyasi bosh direktori Sanjiv Gupta Toshkent viloyati Zangiota tumanida tashkil etilayotgan “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri hududida yuqori talabga ega antibiotiklar, bod kasalligiga qarshi, ogʻriq qoldiruvchi va boshqa turdagi dori vositalari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish istagini maʼlum qildi.
Qolaversa, hozirgi kunda hindistonlik hamkorlarimiz bilan Toshkent va Namangan shaharlarida turar joy, koʻngilochar maskanlardan iborat yirik majmualarni barpo etish boʻyicha ham ishlar boshlab yuborilgan.
Oliy taʼlim sohasida ham aloqalar jadallashdi. 2019-yil Toshkentda Amiti, Andijonda Sharda universiteti filiallari ochildi. Hozirgi kunda ushbu yoʻnalishdagi ishlar davom ettirilmoqda. Shu yilning iyun oyida Buxoro davlat tibbiyot instituti bilan “LNCT University” universiteti rahbariyati oʻrtasida muzokaralar oʻtkazilib, hamkorlikning dastlabki bosqichida qoʻshma fakultet tashkil etishga kelishib olindi.
Biotexnologiyalar va agroklasterlar, toʻqimachilik, charm, kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish va qator boshqa yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Hindiston texnik va iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasida oʻzbekistonlik mutaxassislarning Hindistonda malaka oshirishi borasidagi ishlar davom etmoqda. Xususan, joriy yil yanvar – mart oylarida Namangan va Samarqand viloyatlari oliy oʻquv yurtlari oʻqituvchilari Haydarobod shahrida ingliz tili kurslarida malaka oshirdi.
Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston va Hindiston barcha sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega. Ana shu imkoniyatlarni roʻyobga chiqarish, xalqlarimiz oʻrtasidagi tarixiy doʻstlikni mustahkamlash, xavfsizlik va barqaror rivojlanishda oʻzaro muvofiq intilishlarni ragʻbatlantirish faoliyatimizning tub mohiyatini tashkil qiladi, maqsadlarimizni aks ettiradi.
– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!