O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari
Ota-bobolarimizdan bizga ko‘p narsalar meros qolgan. Kishini ezgulikka yetaklovchi pandu nasihatlar, dostonu hikmatlar shular jumlasidandir.
Ota-bobolarimizdan bizga ko‘p narsalar meros qolgan. Kishini ezgulikka yetaklovchi pandu nasihatlar, dostonu hikmatlar shular jumlasidandir. Alp Erto‘nga, To‘maris, Shiroq, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur kabi ajdodlarimizning qahramonliklari aks etgan rivoyatlar, xalqimizning necha ming yillik tarixga ega urf-odatlari, milliy fazilatlarimizni san’at darajasiga ko‘targan maqol, qo‘shiq, ertak, doston, bolalarga bag‘ishlangan asarlar xalqimiz ijodiyoti boy ekanligini ko‘rsatib turadi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa uyi tomonidan chop etilgan “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildlik majmuasi 15 jildining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid olib bordi.
Mustaqilligimizning 28 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan kitob taqdimotida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mas’ul xodimi Salim Ashur, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov, akademik To‘ra Mirzaev va boshqalar mustaqillik yillarida yurtimizda madaniy merosni asrab-avaylashga, rivojlantirishga bo‘layotgan jiddiy e’tibor va buning samaralari haqida gapirdi.
– Bu kitobni to‘plashda eng sara va asl asarlarga murojaat qildik, – deydi filologiya fanlari doktori, professor Mamatqul Jo‘raev. – Maqsad – xalqimizni buyuk ma’naviy merosimiz sarchashmalaridan bahramand etish.
– Bugun yaxshi shoir, yaxshi mutaxassis va yaxshi odam bo‘lish uchun ham xalq og‘zaki ijodiyotini bilish, anglash kerak, – deydi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim. – Har qanday murakkab va nodir san’at turining asosida va tub ildizida xalq og‘zaki ijodi yotadi. Xalq ijodiyotini qadrlamagan inson millati va xalqi oldidagi ulkan qarzini o‘tamagan sanaladi. To‘g‘ri, o‘zbek xalq og‘zaki ijodi juda katta xazina. Uni bir inson umri mobaynida o‘rganib, oxiriga yetolmaydi. Ammo ana shu ummonning bir tomchisini anglash baxti ham inson tafakkurini, o‘y-xayollarini o‘zgartirib yuboradi. Ushbu kitob ham nashriyot va to‘plovchilar tomonidan xalqimizga hadya etilgan ulkan ma’naviy boylikdir.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Otaxon baxshi Matyoqubov xalq og‘zaki ijodiyoti haqida to‘lqinlanib, jo‘shib gapirdi, xorazmcha ohangda bir juft qo‘shiq kuyladi. U ijro etgan xalqona qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.