Oʻzbek tili dunyodagi eng boy tillardan biridir
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi mumtoz sharq filologiyasi fakultetining oʻzbek tili va mumtoz sharq adabiyoti kafedrasi tomonidan “Ona tili – millat koʻzgusi” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy onlayn anjumani oʻtkazildi.
21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi mumtoz sharq filologiyasi fakultetining oʻzbek tili va mumtoz sharq adabiyoti kafedrasi tomonidan “Ona tili – millat koʻzgusi” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy onlayn anjumani oʻtkazildi.
Anjuman “Oʻzbek tilshunosligining nazariy masalalari”, “Davlat tilining sohalarda qoʻllanilishi”, “Davlat tili va uning nufuzi”, “Oʻzbek va sharq tillarining qiyosiy tadqiqi va solishtirma tilshunoslik” kabi mavzularda shuʼbalarga boʻlingan holda tashkil etildi.
Tadbirda olimlar, tilshunoslar, oʻqituvchilar, talabalar qatnashdi.
– Bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat oʻz milliy manfaatlarini taʼminlash maqsadida, avvalo, oʻz madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiy, — deydi Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi diniy-maʼrifiy faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha birinchi prorektori, professor Shuhrat Yovqochev.
– Oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash maqsadida oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun – 21-oktyabr sanasini “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilinishi muhim tarixiy voqea boʻldi.
Shundan soʻng, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori, professor Zohidjon Islomov buyuk alloma Mahmud Zamaxshariyning “Muqaddamutu-l-adab”ning oʻzbek tili lugʻat boyligi rivojidagi oʻrni” mavzusida maʼruza qildi.
– Buyuk tilshunos, lugʻatshunos olim Abulqosim Mahmud Zamaxshariy ilmiy merosida “Muqaddamatu-l-adab” alohida oʻrin egallaydi,– deydi Zohidjon Islomov. – Abulqosim Mahmud Zamaxshariyning yagona koʻp tilli, ilmiy asari “Muqqadamat ul-adab” hisoblanadi. Bu nodir asar kabi koʻp tilli, keng qamrovli, murakkab tuzilishli, qomusiy asar filologiya fani tarixida kam uchraydi.
Konferensiya davomida “Oʻzbek tili tarixida “nutq” va “yozma adabiy til” tushunchalarining ifodalanishi”, “Oʻzbek lingvomadaniyatshunosligning dolzarb masalalari”, “Alisher Navoiyning oʻzbek tilidagi badiiy adabiyot uchun harakatlari”, “Oʻzbek va turk tillaridagi -gan/mis shaklli feʼllar”, “Oʻzbek tili – mening ham ona tilim!”, “Uy hayvonlari nomi asosida shakllangan oʻzbek xalq maqollarining lingvistik asoslari”, “Istiqlol yillarida soʻz talqini masalalari”, “Oʻzbek tilida neyming va uning meʼyoriy-huquqiy asoslarini yaratish muammolari”, “Oʻzbek tilining turkiy tillar orasida tutgan oʻrni va mavqei”, “Davlat tilining tarixiy va siyosiy ahamiyati xususida” kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.
Anjumanda oʻzbek tilining turkiy tillar oilasidagi oʻrni va mavqei xususida soʻz yuritildi.
– Fan sohasining tarixi tilda oʻsha sohaga tegishli atamalar tizimining yuzaga kelishidan boshlanadi, – deydi filologiya fanlari doktori Qosimjon Sodiqov. – Tilda soha tushunchalari bilan bir paytda uning atamalari ham yaratila boshlaydi. Ayni oʻlchovlarga tayanadigan boʻlsak, oʻzbek tili tarixida til bilimining, yaʼni tilshunoslikning yuzaga kelishi juda eski zamonlardan boshlanganiga guvoh boʻlamiz. Muhimi shundaki, ilk oʻrta asrlarda yaratilgan yozma yodgorliklarda til bilimi bilan bogʻliq tushunchalarni aks ettiruvchi butun boshli atamalar tizimi mavjud edi. Bularning bari ota-bobolarning yozma merosida saqlanib qolgan.
– Tilshunoslik nuqtayi nazardan turkiy til oʻgʻuz, qipchoq va qarluq-chigil guruhlariga boʻlinadi, – deydi olim Sultonmurod Olim. – Oʻzbek tili va oʻzbek adabiy tili degan tushuncha bor. Oʻzbek tili katta, oʻzbek adabiy til esa kichikroq tushuncha. Oʻzbek adabiy tili qarluq-chigil guruhiga kirsa, oʻzbek tili har uch guruh tarkibiga ham kiradi. Chunki yurtimizda har uch guruhga mansub oʻzbeklar yashaydi. Ular mana shu lahjalarda muloqot qiladi. Bundan koʻrinadiki, turkiy tillarning epitsentri oʻzbek tili sanaladi.
Ogʻzaki nutq lahjalarimiz uch guruhga mansub boʻlsa ham, adabiy tilimiz bir edi. Oʻzbek adabiy tilida asarlar yoziladi. Hattoki qipchoq urugʻidan chiqqan Shayboniyxon qarluq-chigil tilida asar yozgan. Zamonaviy texnologiyalardan foydalanib, barcha tillar leksikasini oʻrganadigan boʻlsak, turkiy til oilasida oʻzbek tilichalik boy til yoʻq. Chunki xalqimiz oʻgʻuz, qipchoq va qarluq guruhlaridagi soʻzlardan foydalanadi. Bundan tashqari, qadimiy yozma manbalarning asosiy qismi oʻzbek tilida yozilgan.
Ona tilimiz imkoniyatlaridan unumli foydalanish, uning boy til ekanini targʻib qilish zarur. Zero, til bor ekan, millat barhayotdir. Millatning taraqqiy etishi, dunyo sahnasida rivoj topishida ham aynan ona tili muhim rol oʻynaydi.