Oʻzbek tili – ajdodlarimiz xotirasining timsoli
Obrazli qilib aytganda, til – millat tomiridir! Shu maʼnoda oʻzbek tilini xalqimizning milliy qoʻrgʻoni, ajdodlarimiz xotirasining timsoli desak boʻladi.
Har bir millat yoki xalq taqdirida til katta rol oʻynaydi. Obrazli qilib aytganda, til – millat tomiridir! Shu maʼnoda oʻzbek tilini xalqimizning milliy qoʻrgʻoni, ajdodlarimiz xotirasining timsoli desak boʻladi. Prezidentimizning 2020-yilning 10-apreldagi “Oʻzbek tili kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan 21-oktyabr “Oʻzbek tili bayrami kuni” etib belgilanishi ajdodlar xotirasiga yuksak ehtirom boʻldi.
Bu yil ham “Oʻzbek tili bayrami kuni” ni keng miqyosda nishonlash tadorigida turibmiz. Mamlakatimizdagi oʻzbek tili va adabiyoti fanlariga ixtisoslashgan Muhammad Rizo Ogahiy, Isʼhoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablarida ona tilimiz ravnaqiga hissa qoʻshadigan oʻgʻil-qizlarimiz tarbiya topayotganidan har bir millatdoshimiz mamnun ekanligi barchamizga ayon.
Bu – ona tilimizga davlat siyosati darajasida qaralishiga bir dalil!
Bundan tashqari, oʻzbek tilining taraqqiyoti borasida davlatimiz rahbari har bir davlat va nodavlat tashkilotlari masʼul ekanligini, bu borada qilinajak ishlar bisyor ekanligini bir necha bor taʼkidlab oʻtdi.
Shu bois, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi tomonidan 2020-yil 18-mayda“Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tasarrufidagi tashkilot va muassasalarda davlat tilida ish yuritish qoidalari” tasdiqlandi.
Davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlashga qaratilgan qonun va qonunosti hujjatlari, yigʻilish qarorlari, dasturlar va “yoʻl xarita”lari ijrosiga doir chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ijrosi qatʼiy nazoratga olindi.Tarkibiy tuzilmalarda davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha masʼullar belgilandi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xodimlarining A.Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazining oʻquv kurslarida ishtirok etishi yoʻlga qoʻyildi.Muqaddam qabul qilingan rus tilidagi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar sanoqdan oʻtkazilib, ularni yangi tahrirda davlat tilida qabul qilish ishlari boshlandi. Shuningdek, qoʻmita tasarrufida faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim muassasasi, ilmiy tadqiqot institutlari va texnikumlarda darsliklar, ilmiy adabiyotlar tahlil etilib, oʻzbek tiliga tarjima qilinibqayta chop etilishi yoʻlga qoʻyildi. Deylik, joriy yilning toʻqqiz oyi davomida qoʻmitada 295 ta ichki-idoraviy hujjatlar, shuningdek, 23 ta qaror (1 ta qoʻshma qaror, 8 ta qoʻmita qarori, 14 ta inspektorlik qarori)hamda272 ta(59 ta ishlab chiqarish, 87 shaxsiy tarkib, 79 ta xizmat safari, 47 ta mehnat taʼtillari) buyruqlarning barchasi davlat tilida yozilishi taʼminlandi.
Bundan tashqari,qoʻmita tizimida hamkorlik doirasida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarga yozishmalarni qatʼiy ravishda chet tilidagi rasmiy tarjimasini ilova qilgan holda davlat tilida amalga oshirish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, tizimdagi faoliyat yuritadigan oliy taʼlim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlarida olib borilayotgan ilmiy loyihalar va ilmiy tadqiqot ishlari, chop etiladigan ilmiy maqolalarning oʻzbek tilida nashr etilishi, dissertatsiya himoyalarining oʻzbek tilida olib borilishi qatʼiy talab asosida amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda moliya-iqtisodiyot, buxgalteriya va xoʻjalik yuritish sohasida qoʻllanilayotgan rasmiy yozishmalar, hisobotlar, hujjatlar shakllari, shuningdek, foydalanishdagi xorijiy tillardan kirib kelgan atama va maxsus iboralarni toʻliq davlat tiliga oʻgirish choralari koʻrilmoqda.
Jahongir TURSAGATOV,
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish
davlat qoʻmitasi raisining davlat tili toʻgʻrisidagi
qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha maslahatchisi.