Oʻzbek gilami 60 ming dollarga sotildi
Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari bayrami arafasida Fargʻona viloyatiga media-tur tashkil etildi.
Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari bayrami arafasida Fargʻona viloyatiga media-tur tashkil etildi. Viloyat hokimligi tashabbusi boʻlgan tadbirga respublika miqyosida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar, blogerlar taklif qilindi.
Ishtirokchilar Margʻilon temiryoʻl vokzalida fargʻonaliklarga xos mehmondoʻstlik bilan kutib olindi. Dastlab Margʻilon shahridagi Hunarmandlar markazi faoliyati bilan tanishildi.
Fargʻona viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Mirzohid Ubaydullayev, Margʻilon shahri hokimi Adham Ziyovitdinov mehmonlarga hamrohlik qildi.
Margʻilon azaldan hunarmandlar shahri. Yaqinda bu yerda mohir usta, senator Ibrohimjon Sultonov tashabbusi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida Hunarmandlar markazi qurilib, foydalanishga topshirildi. Markazda 600 usta ishlamoqda, 2 mingga yaqin xotin-qiz, yoshlar ish bilan taʼminlangan. Ular 200 dan ortiq turda atlas, adras, beqasam, gilam, shoyi matolar, maishiy xizmat, tikuvchilik, hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarmoqda.
Markazdagi ustaxona-doʻkonlarda matoga gul chizish, bogʻlash, qad tayyorlash jarayonlari koʻrgazmali tarzda namoyish etiladi.
Binoning yuqori qavatida gilam sexi joylashgan. Bu yerda barcha mahsulotlar toʻliq qoʻlda, 100 foiz toza ipakdan toʻqiladi.
“Ismoiljon gilamlari” korxonasi mahsulotlari dunyoga mashhur. Ustaxonada asl ipakka tabiiy boʻyoqlardan gul chizib mato toʻqiladi. Shu bois, bu mahsulotlarning xaridori koʻp. Gilamlar asosan Turkiyaga, atlas, adras matolar AQSH, Italiya, Fransiya, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston kabi mamlakatlarga eksport qilinadi.
Chevarlarga 3,5 million soʻmgacha oylik maosh beriladi.
– Otam toʻquvchi boʻlgan. Men ham uzoq yillardan buyon shu sohada ishlayman. 20 yildan buyon gilamchilik bilan shugʻullanaman. Asosiy xaridorlarimiz xorijda. Eng arzon gilamning 1 metri narxi 25 ming dollardan boshlanadi. Gilamning hajmi, undagi tugunlarning koʻpligi narxini oshiradi. Yaqinda bir gilamimizni 60 ming dollarga sotdik. Germaniyada esa Turkiyaning bir gilami 200 ming yevroga sotilganiga guvoh boʻldim, – dedi tadbirkor I.Sultonov.