“Oʻz tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”...
Til nafaqat inson hayotida, balki borliq olam uchun eng zarur, hayotiy muloqot vositasidir.
21-oktyabr – “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kun
Til nafaqat inson hayotida, balki borliq olam uchun eng zarur, hayotiy muloqot vositasidir. Tabiatda qushu toshning ham, yaprogʻu togʻning ham, daryoyu hayvonot olamining ham oʻzaro muloqotga kirisha oladigan oʻziga xos “til”i bor.
Hazrat Navoiy taʼbiri bilan aytganda “koinot gultoji” boʻlgan insongina tilga nafaqat muloqot vositasi, balki “millatning ruhi, timsoli, qiyofasi, oyinasi”, “mustaqillik ramzi”, “ozodlik timsoli”, “tafakkur xazinasi”, “maʼnaviyat belgisi”, “milliy boylik”, “koʻngil mulkining gavhari” deb qaraydi, “ona tilim” deb eʼzozlaydi.
Mana, oʻttiz yildan oshdi, dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimizning jipsligi, madaniyati, maʼnaviyatining asosiy belgisi sifatida eng muqaddas timsollarimizdan biriga aylandi. Til xalqni, xalqimiz oʻz tilini eʼzozladi, ulugʻladi. Siyosat, iqtisodiyot, huquq, maʼnaviyat sohasida oʻzbek tilining salohiyati kuchaydi, dunyodagi eng boy, goʻzal tillardan biriga aylandi. Oʻzbek tilida yozilgan qadim va boy madaniy, tarixiy, adabiy meroslarimiz qayta nashr etildi, kitob javonlarimizdan munosib joy oldi.
Joriy yil oʻzbek tili tarixidagi eng yorqin davr sifatida xotiramizda muhrlanib qoladi. Birinchidan, 10-aprel kuni Prezidentimiz tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonuni imzolandi. Unga koʻra, 21-oktyabr sanasi yurtimizda "Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi. Dunyodagi oʻz tili bayramini nishonlaydigan xitoy, ispan, fors, rus, ozarbayjon, turk, arab, italyanlar qatorida biz ham oʻz ona tilimiz qabul qilingan kunni qonuniy bayram sifatida nishonlaymiz. Bu tarixiy voqea mamlakatimizda ona tiliga boʻlgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlikning izchil davomi boʻlib, tilimizni asrash, uning pokligi va oʻziga xosligini saqlash, yana-da boyitish va rivojlantirish yoʻlidagi eng muhim qadamlardan biri sifatida qadrlidir.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida ishtirok etib, mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan oʻz nuqtayi nazarini oʻzbek tilida aniq va teran yoritib berdi. Jahon minbarida ilk marotaba yangragan oʻzbekona lutf va mushohadalar nafaqat yurtdoshlarimiz, balki yer yuzidagi oʻzbek tilida soʻzlashadigan 50 millionga yaqin tildoshlarimiz gʻururini sarbaland qildi, faxr va iftixor tuygʻularini uygʻotdi.
Til – boylik
Boylik koʻz qorachigʻiday asraladi, avaylanadi. Begona nazardan himoya qilinadi, ehtiyotlanadi. Ona tilimiz ham millatimizning tarixiy, maʼnaviy-madaniy qiyofasini oʻzida ifodalovchi beqiyos boyligidir. Tilning asosiy boyligi soʻz hisoblanib, Mahmud Koshgʻariy, Mahmud Zamaxshariy, Tole Imon Hiraviy, Muhammad Yoqub Chingiy, Muhammad Rizo Xoksor, Mirzo Mahdiyxon, Sulaymon Buxoriy kabi allomalar ham oʻzbek tilining soʻz imkoniyatlari, lugʻat boyligi yuzasidan koʻplab asarlar yozib qoldirishgan. 1981-yilda chop etilgan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ga 60 ming soʻz kiritilgan. Mustaqillikning dastlabki yillarida chop etilgan lugʻat kitobida esa 80 mingdan ortiq soʻz izohlandi.
Tilshunoslarimizning fikriga koʻra, hozirgi oʻzgarishlar, yangilanishlar, shuningdek, shevaga xos soʻzlar, ayniqsa, folklor, mumtoz adabiyotimiz va tarixiy bitiklarda saqlanib qolgan soʻzlar ham oʻrganilsa, kiritilsa, lugʻat boyligimiz 150-160 ming soʻzdan oshishi mumkin ekan. Bu esa tilshunos, adabiyotshunoslarimizdan izlanishni, ilmiy tadqiqni talab etadi.
Demak, dunyodagi boy tillar qatoriga kiradigan ona tilimiz sofligini saqlash, uning shaʼni, qadr-qimmati, obroʻsi uchun kurashish har bir insonning faol fuqarolik burchidir. Bu burch, ayniqsa, bugungi kunda tobora avj olayotgan migratsiya va globallashuv jarayonlarida nihoyatda ahamiyatlidir.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, muayyan til yashab qolishi uchun kamida 100-250 mingga yaqin soʻzlashuvchisi boʻlishi kerak ekan. Tilning yoʻqolib ketishiga qadimda asosan turli bosqinlar (baʼzan ataylab qilingan siyosatlar) sabab boʻlgan. Bugungi kunda esa globallashuv davridagi turli tillar qorishishi, ikkinchi til sifatida soyada qolishi, boshqa tillarni oʻzlashtirishga ruju qoʻyilishi bilan bogʻliqdir. (Zero, xorijiy tillarni oʻrganish hech qachon oʻz ona tilini esdan chiqarish evaziga boʻlmasligi zarur!).
Tariximiz qatlarida oʻzbek tilini ataylab siqib chiqarishga urinish orqali milliy xotira, qadriyat va oʻzligimizni yoʻqotishga boʻlgan chin maʼnodagi kurashlar boʻlgan. Bunga qadimdan va yaqin oʻtmishimizdan koʻplab misollar keltirish mumkin.
Ayniqsa, bu kabi skobelevcha harakatga shoʻro hukumati qariyb 70 yil davomida qattiq amal qildi, tilimiz tahqirlandi, katta-katta yigʻinlar oʻzga tilda olib borildi. Shu sababli ham 1989-yil 21-oktyabrda hali davlat mustaqilligi eʼlon qilinmasdan turib tilimizga davlat tili maqomi berilishi eng katta tarixiy voqea boʻldi. Aslida, aholining 90 foizga yaqini bir tilda soʻzlashsa, tabiiy ravishda rasmiy til hisoblanib ketilavergan. Masalan, Yaponiyada davlat tili qonuni qabul qilinmagan, chunki yapon tili mamlakatning ham davlat tili, ham milliy tili, ham rasmiy tilidir. Xuddi shu kabi Shvetsiya, Norvegiya, Angliya, Kanada, Xitoy, AQSH kabi koʻpchilik mamlakatlarda hech qaysi til davlat tili, deb eʼlon qilinmagan ekan.
Mamlakatning tarixiy sharoitidan kelib chiqib, aholining koʻpchiligini tashkil qiluvchilarning tili davlat tili, rasmiy til deb tan olingan. Shu oʻrinda yana bir bor alohida taʼkidlash kerakki, til – goʻyo yaxlit organizmga oʻxshaydi, soʻzlashuvchi toʻxtatgan kuni u toʻxtaydi. Soʻzlashuvchi qanchalik mehr bilan asrab-avaylasa u ham boy imkoniyatlarini ishga soladi. Tilni qancha koʻkka koʻtarsa, u soʻzlovchini oʻn chandon koʻkka koʻtaradi. Birgina hazrat Navoiy misolida qarasak, oʻzbek tilini ulugʻlab, ardoqlab, uning keng imkoniyatlarini isbotlagan. “Aytib sovumas taronasen sen. Olib qurimas xizonasen sen”, deya jahonga tarannum etgan. Soʻz dengizidan 26 mingdan oshigʻini zargarona qoʻllagan allomani bu til mana, qariyb 600-yildan buyon eʼzozlab, ehtirom aylab, eng goʻzal taʼrifu tasniflar bilan siylab, avloddan-avlodga olib oʻtyapti.
“Chezburger”dan “supermarket”gacha...
Til uchun kurashishga, uning qadru qimmatini oʻz oʻrniga qoʻyishga majbur boʻlgan millatmiz. Eng achinarlisi, hozir “oʻtgan zamondagi kabi” deb aytadigan bahonamiz yoʻq holatdayam tilimizning sofligi uchun kurashishga majburmiz. Eng alam qiladigani ham shu. Negaki, bugun istagan shahar koʻchalarini aylansangiz, doʻkonu turli xizmat koʻrsatish peshtoqlarida ajnabiy nomlar, reklama va eʼlonlarni koʻrib xafa boʻlasiz. Jamoat joylari, koʻchalar, tashkilot va muassasalar, maishiy xizmat obyektlarining fasad qismlaridagi targʻibot vositalari koʻp hollarda asossiz ravishda rus, ingliz va boshqa tillarda yozilib, oʻrnatilayotganligi holatlari mavjud. Masalan, savdo doʻkonlari, goʻzallik salonlari, bozorlar, kafelarga “Rafaello”, “Byuti Lamur”, “Berlyut”, “Miranda”, “Elza”, “Grand”, “Detskaya odejda”, “Dekameron”, “Salvatini”, “Arbat”, “LADY salon krasotы”, ”Solnыshka”, “Moscov cafe”, “VERSAL”, “Dubay”, “THE PERFUME Shop” kabi nomlar qoʻyilgan.
Na amaldagi qonunlarga, na milliy madaniyatimizga toʻgʻri kelmaydigan bu kabi nomlarni koʻrib, taʼbimiz tirriq boʻldi, deyishdan amaliy ishga oʻtish vaqti keldi, deb oʻylayman. Chunki nom qoʻyish ham juda masʼuliyatli jarayon, alohida soha – neyming, brendologiya. Jimjimador soʻz yoki xorijiy atama topib qoʻyishning oʻzi yetarli emas. Bu xizmatlar neyming (nom qoʻyish) sohasiga oid muhim qoidalarga tayangan holda firma yoʻnalishi va mahsulotiga monand nom tanlashga yordam beradi.
Har bir xududda nom qoʻyish xizmati faoliyatini yoʻlga qoʻyish kerak. Birinchidan, milliy maʼnaviyatimizga zid almoyi-jalmoyi nomlardan qutilamiz. Ikkinchidan, tadbirkorlarimizga korxona yoki firma nomlarini qoʻyishda jahon andozalariga mos va xos ish koʻrishlariga koʻmaklashgan boʻlamiz. Chunki tadbirkorlikda nom ham muvaffaqiyat omillaridan biri hisoblanadi.
Demak, nom tanlashda, birinchi navbatda, “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonuni meʼyorlariga tayanish lozim. Shuningdek, talaffuzi oson va qisqa, tez xotiralab qolinadigan, takror boʻlmagan, hududning milliy xususiyatini aks ettiradigan, jarangdor, hamma uchun tushunarli boʻlgan va eng muhimi, korxona (yoki mahsulot) haqidagi dastlabki maʼlumotni beradigan nom tanlash maqsadga muvofiq. Bu, albatta, murakkab jarayon.
Har qadamimizda duch kelayotgan “GANGA”, “X” fayl” , “Beer xauz”, “Sinbad”, “Zarinka” “Cotton Club”, “Mona Liza”,“Elegant”, “Astoriya”, “KARBELLA”, “Agora”, “ART STYLE” kabi nomlarda ushbu tamoyillarga qay darajada rioya etilganiga oʻzingiz baho bering. Ularning maʼnolari bilan qiziqib koʻrdik, “ART STYLE”ni tarjima qilib koʻraylik, “art” – sanʼat , “style” – uslub, demak, “Sanʼat uslubi”, ”Agora” – qadimgi Gretsiyada turli yigʻilishlar oʻtkaziladigan joy, “Astoriya”, “KARBELLA” – AQSHdagi turar joy nomlari, “Beer xauz” – pivolar uyi... Nahotki, “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da jamlangan 80 ming soʻzdan munosibini izlab topishga vaqtimiz yoʻq?!
Albatta, tadbirkor – erkin inson, istagan nomni tanlash huquqiga ega. Lekin bu bir tomonlama yondashuv. Nom – bu reklama. Nom – bu targʻibot. Nom – mafkura poligonlarida kechayotgan gʻoyalar kurashining bir uslubi. Unga kuniga minglab odamlarning koʻzi tushadi. Minglab xonadonlarga kirib boradi. Yoshlarning ongiga singiydi. Chalgʻitadi. Zero, tilni koʻzlagan oʻqning nishoni – ruh va tafakkurdir. Bu kabi koʻplab eʼtirozlarni bildirish mumkin.
Bittasini – oʻz ona tiliga eʼtiborsizlikni targʻib qiladi, degan eʼtirozni qoldirsak ham eng katta aybda toʻxtalgan boʻlamiz. Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlagani kabi, “davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim.
Bu olijanob harakatni barchamiz oʻzimizdan, oʻz oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”.
Mangu qadriyat sharafi
Til millatdan ayro hodisa emas. Millatning asosiy koʻrsatkichi til boʻlgani kabi, til ham oʻz millati bilan tirikdir. Uning yashovchanligi, rivojlanishi, takomili isteʼmolchisining mehru madaniyatiga, munosabatiga bogʻliq. Boʻlmasa u yoki bu sabablar bilan shu davrga qadar insoniyat tarixida 9 mingdan ortiq til yoʻqolib ketarmidi!.
Olimlarning maʼlumotiga koʻra, qadimgi yunon, oromiy, lotin, sanskrit, vediy, assuriy, qadimgi fors tillarining bugungi kunda isteʼmolchilari yoʻq. YUNESKOning maʼlumotiga koʻra, bugungi kunda bir hafta ichida bitta tilning yoʻqolish xavfi mavjud. Shu kabi hozirgi paytda 357 tildan bor-yoʻgʻi 50 nafar kishi, 46 tildan esa atigi bir kishi foydalanar ekan. AQSHning Siu hind qabilasidan katouba tilini biladigan eng soʻnggi vakili 1996-yilda vafot etgan. 1996-2000-yillarda YUNESKO tomonidan “Dunyoda yoʻqolish xavfida turgan tillar atlasi” (“Atlas mirovыx yazыkov, naxodyaщixsya pod ugrozoy ischeznoveniya”) yaratilib, unda bugungi kunda Yevropada 50 ta, Sibirda 40 ta til hamda eng xavfli holatda turgan Amerika va Avstraliya qitʼalarida 1000 ga yaqin, Afrika qitasining 1500 ta tillaridan 600 tasi yoʻqolish arafasida ekani, 250 tasi oʻlik tillar qatoriga kirganligi aytilgan.
Global masalalar tarkibiga kirgan ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida BMT 1993-yilda Vena deklaratsiyasini qabul qildi. Ushbu deklaratsiyaning 19-moddasida “barcha millat va elatlarning oʻz milliy tillaridan foydalanish” huquqi mustahkamlab qoʻyildi. Shuningdek, 2000-yili YUNESKO tomonidan 21-fevral – Xalqaro ona tili kuni deb eʼlon qilindi. Shu kabi saʼy-harakatlar natijasida yoʻqolish arafasida turgan ayrim tillarga qayta “hayot" baxsh etildi. Jumladan, Yaponiyaning Xokkaydo orolida oʻtgan asrning 80-yillarida bor-yoʻgʻi 8 kishi soʻzlashgan ayn tilining isteʼmolchilari bugun bir necha ming kishidan oshib ketgan...
Dunyoda 6 mingga yaqin til va sheva boʻlsa, ulardan bor-yoʻgʻi 100 ga yaqini davlat tili maqomiga ega ekan. Ana shunday nufuzli tillardan biri oʻzbek tilidir. Ona tilimiz tom maʼnoda davlat tiliga aylanib, xalqimizni, shuningdek, biz bilan ahil-inoq yashayotgan yuzdan ortiq millat va elat vakillarini oʻzaro bogʻlaydigan, birlashtiradigan doʻstlik va mehr-oqibat rishtasiga aylandi, erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etishda yalovbardor boʻlmoqda.
Ha, til insoniyat tarixidagi eng buyuk kashfiyot boʻlishi bilan birga buyuk imkoniyat hamdir. Uning taraqqiyoti – mansub xalq maʼnaviyatining, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy rivojlanishining ifodasidir. Zero, maʼrifatparvar alloma Isʼhoqxon Ibrat aytganidek, “oʻz tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”.