Oʻz ishini bilib qilayotgan odam
Har kim oʻz ishini bilib qilsa, jamiyat gullab-yashnaydi.
Har kim oʻz ishini bilib qilsa, jamiyat gullab-yashnaydi. Shuning uchun, ota-bobolarimiz, darvozasi oldi supirilmagan kishining mahallani obod qilishiga ishonma, deb oʻgit berib kelishgan. Ular ham bejiz bu xulosaga kelmay, hayotda aksariyat hollarda aytayotganlarining teskarisini koʻraverib-koʻraverib, koʻzlari pishib ketgani alamidan shunday deyishgan.
Har joyda hamisha hoziru nozir, istagan mavzuda aravani quruq olib qochishga ustasi faranglarga qaraganda, urvoqdekkina boʻlsa-da, egallagan joyida vazifasinivijdonan bajaradiganlar yurt koriga koʻproq yarashini yaxshi bilganlar ularning hurmatlarini joyiga qoʻyib yurishadi. Albatta, Nasriddin Afandining shahar qozisi ekanligida unga koʻrsatilgan muvvaqat zohiriy ehtirom boshqa narsa. Haqiqiy izzat haybatdan qoʻrquv tufayliemas, chinakamligi bilan qadr kasb etadi.
Tojdor virus pandemiyasi oʻziga esh qilib bahsu munozaralar, yangi ohordagi qofiyalar, ilmu urfonga toʻla fikr-mulohazalar maydonini hosil etgani ham sir emas. Unda kim qanday tafakkur mashqini oʻtkazayotgani esa jamoatchilikka kunday ravshan boʻlib turibdi. Ularning foydalilik ulushini belgilaydigan jadval mavjud emas. Hech qachon mavjud boʻlmagan, boʻlmaydi ham. Lekin bugun Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekovning chiqishlari borasida gap ketsa, barcha birdek “Ofarin!” deydi.
Fikr olamida bunday yalakatlik hammavaqt ham uchravermaydi! Bugun sovun koʻpigidek shishirib, ertasi kuni unutib yuboradigan omma eʼtiborida televedeniye tarixida bunday mashhurlik bir mahallar ob-havo maʼlumotlarini yetkazuvchi Toshtemir Toyloqovdan oʻzgaga nasib etmagan. Marhum shoir Abdulla Oripov u kishining shaʼniga sheʼr ham bitgani buni dalolat etadi.
Nurmat Otabekovning barchaning koʻz oʻngida olib borayotgan faoliyatini tahlil etishga hojat yoʻq. "Koronavirus yer yuzidan yoʻq boʻlib ketmaydi, biroq “oʻzimizniki” boʻlib qoladi...”, “Atofimizda bu kasallikka chalinganlar yoʻqligiga hech kim kafolat bera olmaydi” singari ungagina tegishli iboralar kuyga solingan sheʼrdan ham koʻra ommaviylashib ketmoqda. Aytmoqchi, u kishining oʻzlari ham shoir, sheʼriy toʻplamlari chop etilgan. Bugungi kunda odamlarga samoviy tashbehlardan koʻra aniq faktlarga asoslangan zaminiya tushunchalar zarurligidan ilhom parisini ham karantinga olib, uning qanotlarini har kuni oʻttiz martadan dizenfeksiya qilmoqdalar. Va koʻpchilikka shu yoʻl toʻgʻri ekanligini uqdirib ham kelmoqdalar!
“Atrofimizda ushbu kasallikka chalingan fuqarolar yoʻqligiga hech kim kafolat bera olmaydi, — dedi u kuni kecha barcha ommaviy axborot vositalarini zabt etgan chiqishida. — Agar baʼzilarda kasallik yengil kechar ekan, degan fikrga borgan boʻlsangiz, 3 foizdan ortiq holatda kasallik oʻta ogʻir kechib, hatto oʻlim bilan yakun topayotgani sizni sergak torttirishi kerak”.
Gapning boʻlari shu, xulosaning oʻzingiz chiqaring qabilidagi bunday foydali fikr-mulohazalarni bir oydan ortiq vaqt mobaynida Nurmat Otabekov har kuni bir emas, qayta-qaytalab ongimizga qoʻyib kelayotgani tufayli uning bir chekkasidan oʻzi ham oʻrin olib oldi. Yangi Oʻzbekistonning “Oʻzbekiston 24” telekanalida joriy yilning 20-martidan eʼtiboran u ertalab va kechkurun koronavirus vaziyati haqida har kuni muttasil ravishda axborot berib kelyapti. Bundan tashqari muloqotlar, brifinglar! Joningiz toshdan boʻlsin-e, deb yuborgisi keladi kishining.
“Xalq soʻzi” — “Narodnoye slovo” gazetalari sharhlovchisi sifatida masofaviy faoliyat olib borayotganimdan buyon Nurmat Otabekov “komanda”sining ish faoliyatidan xabarim bor. Isiriqdan tortib, tumov alomatlarini tojdor virus gumon qilib odamlarning vahimaga tushmasligi, karantin davrida qanday choralar qoʻllash, qanday kitoblar mutolaaa qilib, ommaviy axborot xurujlaridan oʻzni qanday himoya qilishgacha ular oʻzlarining qimmatli tavsiyalarini yaratib, xalqimizga taqdim etib kelishmoqda. Soʻzni tejab, buni, elu yurt manfaati uchun xizmat qilish deb, baralla aytsa boʻladi!
Shoyim BOʻTAYEV.