“O, sening yoshliging menda bo‘lsaydi...”
Tarixni yoshlar yozadi
Bugun har bir vatandoshimiz qalbidan shu istak o‘tayotgan bo‘lsa ajabmas. Sababi, mamlakatimiz yoshlariga qaratilayotgan e’tibor bu qadar yuksaklarga chiqmagan edi.
Davlatimiz rahbarining Yoshlar bilan navbatdagi muloqoti ham Vatan kelajagi yoshlar qo‘lida ekanligiga yana bir urg‘u bo‘ldi. Bu uchrashuv shunchaki rasmiy tadbir emas, balki ochiq muloqot va kelajak rejalari muhokamasi sifatida o‘tdi. Prezidentimiz o‘z nutqida yoshlar — Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi, eng ishonchli tayanchi ekanini alohida ta’kidladi. U kishi yoshlarning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunar egallashi, tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini qayd etdi.
Yurtboshimiz tashabbusi bilan haftaning har payshanba kuni “Yoshlar kuni” sifatida e’tirof etilayotgani bir kunlik shior emas, balki tizimli e’tibor ifodasidir. Har haftaning ma’lum bir kuni yoshlar muammolari, takliflari va loyihalariga bag‘ishlanishi davlat va jamiyat o‘rtasidagi masofani qisqartiradi. Bu esa yoshlarning ovozi eshitilayotganini, ularning fikri qadrlanayotganini anglatadi.
Muloqot davomida yosh tadbirkorlar, talabalar, ijodkorlar va startap egalari o‘z g‘oyalarini bevosita yetkazish imkoniga ega bo‘ldi. Eng muhimi, muammolar yashirilmadi, aksincha, ularni hal etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Davlatimiz rahbari 22 milliondan ziyod yoshlarimiz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekanini ta’kidladi. Bu yoshlar uchun shunchaki maqtov emas, yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilish uchun katta mas’uliyat ekanligini ham bildiradi.
Uchrashuvda jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza medal qo‘lga kiritilgani, TOP universitetlarda o‘qiyotgan yoshlar sonining ortgani, 63 ta startap loyihasining xalqaro bozorlarga kirgani, yosh sportchilarimizning 720 ta oltin, 671 ta kumush, 854 ta bronza medal olgani, yosh tadbirkorlar biznes vakillarining 35 foizini tashkil etayotgani qayd etilib, yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar real natijaga aylanayotgani ta’kidlandi.
Yoshlar bandligini ta’minlash uchun o‘tgan yili 400 million dollar yo‘naltirilgani, endi yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi e’lon qilindi. Kredit limitlari kengaytirilishi, “Kelajak tadbirkori” dasturi orqali 7 yilgacha 15 foizli kreditlar, garovsiz ssudalar, yirik loyihalar uchun 10 milliard so‘mgacha kredit mexanizmlari berilishi yoshlarning g‘oyasini iqtisodiy faoliyatga aylantirishga xizmat qiladi.
Muloqotda ijtimoiy tashabbuslar bo‘yicha “Fikringni ber” inklyuziv oromgohi tajribasi kengaytirilib, uni har bir hududda o‘tkazish va 1 ming nafar yoshni qamrab olish, eng yaxshi tashabbuslar ishtirokida Samarqand shahrida Xalqaro inklyuziv yoshlar oromgohini tashkil etish vazifasi belgilangani, “O‘sish va rivojlanish” loyihasi doirasida bu yil media, dizayn, hunarmandchilik, ishlab chiqarish va innovatsiya yo‘nalishlarida ham tanlov o‘tkazilishi, eng yaxshi 40 ta startapni moliyalashtirish uchun 2 milliard so‘m ajratilishi, texnikumlarda ta’lim dasturlarini ish beruvchilar talabi asosida yangilash, dual ta’limning qamrovini kengaytirish, moddiy-texnik bazani yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilangani, texnikumlarga ham oliygohlar kabi “spin-off” ochishga ruxsat berilib, o‘quvchilarning startap loyihalariga 1 milliard so‘mgacha ajratilishi, joriy yildan texnikum o‘quvchilari uchun ham “Ishla va sayohat qil” dasturi asosida 6 oy xorijda ishlab, qo‘shimcha daromad topish imkoniyati yaratilishi yoshlar tomonidan katta olqishlar bilan qarshi olindi.
Bu uchrashuvda yoshlarning ruhi ko‘tarildi, o‘z maqsadlari va tashabbuslariga ishonchi ortdi. Eng muhimi, ular yolg‘iz emasligini, ortida mustahkam davlat, qat’iy siyosat va Prezident turganini his qildi.
Davlat rahbari bilan navbatdagi muloqot yoshlarning qalbida “mening ovozim eshitilmoqda” degan ishonchni yanada mustahkamladi. Yoshlar o‘z loyihalari, startaplari, ilmiy izlanishlari yoki ijodiy g‘oyalari davlat miqyosida qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rib, yanada dadil bo‘lmoqda. Endi yoshlar yanada katta tashabbuslarni amalga oshirishga bel bog‘laydi.
Bu uchrashuv yana bir haqiqatni tasdiqladi: Yangi O‘zbekistonni qurish jarayonida yoshlar tomoshabin emas, balki faol ishtirokchi hisoblanadi. Ularning energiyasi, yangicha fikrlashi va tashabbuskorligi mamlakat taraqqiyotining asosiy drayveriga aylanmoqda. Prezidentimiz aytganidek, tarixni yoshlar yozadi.
Ahror Ravshan, jurnalist