O‘quvchi ruhiyatining bilimdonlari
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Yilning eng yaxshi psixologi ” respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Yilning eng yaxshi psixologi ” respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta’lim sohasida izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar har jihatdan sog‘lom va barkamol, yuksak ma’naviyatli, teran va mustaqil tafakkurli avlodni kamolga yetkazishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Yosh avlodning orzu-intilishlarini puxta o‘rganish, ularni kasb-hunarga to‘g‘ri yo‘naltirish maqsadida umumta’lim maktablarida amaliyotchi-psixolog faoliyat ko‘rsatmoqda. Bolalarning qobiliyati va ijodiy-intellektual salohiyatini tahlil etish, ularning qiziqishi va intilishini doimiy tahlil etib borishda psixologlarning xizmati katta bo‘lmoqda.
“Yilning eng yaxshi psixologi” respublika ko‘rik-tanlovini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad xalq ta’limi tizimidagi maktablarning amaliyotchi psixologlari orasida ilg‘or, tashabbuskor, ijodkor, fidoyi mutaxassislarni aniqlash va ularning ilg‘or ish tajribasini ommalashtirishdan iboratdir.
Ko‘rik-tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan 14 nafar amaliyotchi psixolog ishtirok etdi. Tanlov jarayonida ular o‘zlarining pedagogik, psixologik va metodik bilimlarini, yangi pedagogik texnologiyalar yaratish va o‘z faoliyatida ulardan samarali foydalanish, mashg‘ulot ishlanmalari va uslubiy tavsiyalar yaratishga oid bilim va mahoratini namoyish etdi.
Ijodiy loyihada dastlab qatnashchilarning psixologik bilimdonligini aniqlash maqsadida test sinovlari bo‘lib o‘tdi. Keyingi bosqichda qatnashchilarning turli muammoli, chigal vaziyatlarda tez, to‘g‘ri, oqilona qaror qabul qilish mahorati tahlil etildi. Ishtirokchilar belgilangan mavzu yuzasidan sinflarda o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Ularning o‘z kasbiga ijodiy yondashuvi, siyosiy-ijtimoiy, huquqiy, zamonaviy axborot-texnologiyalariga oid bilimlari, kasb mahorati, nutq madaniyati, ma’naviyatiga asosiy mezonlardan biri sifatida e’tibor qaratildi.
Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani 33-umumta’lim maktabining amaliyotchi psixologi Orzixon Qurbonaliyeva tanlovda birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Buxoro viloyati Buxoro tumani 5-umumta’lim maktabi amaliyotchi psixologi Zebiniso Ma’murova hamda poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 90-umumta’lim maktabi amaliyotchi psixologi Fotima Rahmonovaga nasib etdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumani 1-umumta’lim maktabi amaliyotchi psixologi Gulzira Bekbosinova, Jizzax viloyati Zafarobod tumani 3-umumta’lim maktabi amaliyotchi psixologi Akmal Abdullayev uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Tanlovda turli nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.