Oʻqituvchining befarqligi yoshlarning kelajagi, demakki, yurt kelajagi uchun qimmatga tushishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23-avgust kuni xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishini mamlakatimizning har bir oʻqituvchi va murabbiysi diqqat bilan koʻrib, oʻzi uchun muhim vazifalarni belgilab oldi, desam yanglishmagan boʻlaman.
Munosabat
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23-avgust kuni xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishini mamlakatimizning har bir oʻqituvchi va murabbiysi diqqat bilan koʻrib, oʻzi uchun muhim vazifalarni belgilab oldi, desam yanglishmagan boʻlaman.
Bu yigʻilishning yangi oʻquv yili oldidan tashkil etilgani pedagoglar uchun ayni muddao boʻldi. Negaki, unda sohaga doir muammolarning ildizi roʻy-rost koʻrsatib berilishi bilan birga ustoz va murabbiylar zimmasidagi vazifalar nimalardan iborat ekani xususida ham batafsil va atroflicha soʻz yuritildi.
Oʻqitishning hech bir tizimi davlatimiz rahbarining nazari va eʼtiboridan chetda qolmayotgani yosh avlod kelajagi yoʻlidagi amaliy gʻamxoʻrlikdan darak beradi. Oʻtgan yillar mobaynida Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi. Umumiy oʻrta taʼlim tubdan isloh etilmoqda. Oliy taʼlimdagi muammolar boricha aytilmoqda. Ularni bartaraf etish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrilmoqda. Oʻtgan uch yil davomida kechayotgan va ilgari misli koʻrilmagan oʻzgarishlar keng jamoatchilik, oddiy odamlar, oʻqituvchilar, yoshlarning fikrlari, taklif va tavsiyalari asosida amalga oshirilayotgani bu islohotlarning nechogʻli xalqchil va insonparvar ekanini yaqqol namoyon etmoqda.
Oʻqituvchilik kasbi azaldan yurtimizda eng ardoqli va sharafli kasb sanalgan. Biroq pedagoglarni taalluqli boʻlmagan turli yumushlarga, ayniqsa, koʻcha supurish, ishga tushirilayotgan yangi obyektlarni saranjom-sarishta holatga keltirish, joylarni obodonlashtirishga jalb etish, elda tuzukroq ham tanilib ulgurmagan xonandalarning konsertlariga majburan biletlarni sotish va boshqa koʻplab holatlar ayrim yoshlarimizni bu kasbdan bezdirgani bor gap. Davlatimiz rahbari taʼlimni sifat va mazmunan yuksaltirishga eʼtibor qaratgani barobarida ana shunday koʻngilsiz holatlarga ham toʻliq barham berdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda iqtidorli bolalarni qoʻllab-quvvatlash uchun koʻplab ixtisoslashtirilgan maktablar, maktab-internatlar tashkil etilmoqda. Oʻqituvchining kasbiy maqomi va nufuzini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Ularning mehnati faol qoʻllab-quvvatlanmoqda. Oylik va ustamalar, qoʻshimcha imtiyozlar yaratilmoqda. Pedagoglar nainki obodonlashtirish ishlari, balki ishga daxli boʻlmagan ortiqcha yozuv-chizuvlardan ham ozod qilinmoqda.
Biroq kechagi yigʻilish biz – oʻqituvchilar oʻz ustimizda tobora koʻproq ishlashimiz, intilishimiz, qaysi fan oʻqituvchisi boʻlmaylik, eng avvalo, yoshlar tarbiyasiga jiddiy yondashishimiz kerakligini yana bir bor koʻrsatdi. Rosti, darsga haminqadar, nomiga tayyorlanib, mashgʻulot davomida belgilangan mavzuni oʻquvchilarga naridan beri tushuntirgan boʻlib, “mening vazifam faqat dars oʻtish, u yogʻi bilan ishim yoʻq“ qabilida yoʻl tutadigan hamkasblarimiz ham afsuski bor. Oʻqituvchinning befarqligi esa yoshlarning kelajagi, demakki, yurt kelajagi uchun qimmatga tushishi mumkin.
Taassufki, ayrim ota-onalar ongida ham farzandini faqat maktab, oʻqituvchi tarbiyalashi kerak, degan notoʻgʻri tushuncha shakllanib qolgan. Bugungi shiddatli globalizatsiya zamonida, internet barcha yerga borib ulgurgan, axborot texnologiyalari hayotimizning tarkibiy qismiga aylangan murakkab davrda bolalarning tarbiyasi, ularning maʼnaviyati, axloqiy qarashlarini asrab-avaylash, toʻgʻri shakllantirish gʻoyat muhim va murakkab vazifaga aylangani hech kimga sir emas.
Nazarimda bugungi kunda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan tamoyilga asoslangan holda, qaysi fan oʻqituvchisi boʻlishdan qatʼi nazar, oʻz faoliyatini ayni tamoyil asosida tashkil etish, yoʻlga qoʻyish davr talabiga aylandi. Sababi yosh avlodni bolalikdan milliy gʻurur va vatanparvarlik, yurt taqdiriga fidoyilik ruhida tarbiyalash har qachongidan ham dolzarblik kasb etmoqda.
Xorijiy tillar boʻyicha yoki matematika, geografiya, jismoniy tarbiya, qaysi predmet boʻlmasin, bolalarda oʻzi tugʻilib oʻsgan yurtga cheksiz muhabbat, shu tabarruk zaminga cheksiz ehtirom, halollik, odob, Vatanga, ota-onaga, milliy qadriyatlarga hurmat tuygʻusini mustahkam qaror toptirish – eng avvalo oʻqituvchining birlamchi vazifasi ekanini dildan angladik.
Yurtimizda azaldan taʼlim va tarbiya egiz, maʼnaviyatning, odob-axloqning, insoniylikning yaxlitligini tashkil etuvchi tushunchalar sanalgan. Maktablardagi maʼnaviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etish, “Milliy gʻoya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuygʻusi” kabi fanlarni birlashtirgan holda, yagona “Tarbiya” fanini joriy qilishga oid tashabbus ulgʻayib kelayotgan avlodni teran tafakkurli, yuksak maʼnaviyatli, sogʻlom dunyoqarashga ega boʻlgan shaxs etib tarbiyalashdek ulugʻvor maqsadlarni koʻzlashi bilan qadrlidir.
Bolalarning begonasi boʻlmaydi. Ular – shu yurtning ertangi kuni, uning chinakam egalari. Ularning tarbiyasiga doir masʼuliyatli ishga pedagoglar, ota-onalar, maktab jamoasi qoʻlni qoʻlga berib kirishsagina, kutilgan ijobiy natijaga erishish mumkin. Prezidentimizning taʼlim sohasiga doir qimmatli fikrlaridan nainki taʼlimga aloqador vazirlik va idoralar, balki har bir oddiy oʻqituvchi oʻzi uchun aniq xulosalar, ishga yanada masʼuliyat bilan yondashish boʻyicha aniq vazifalarni belgilab olmoqda. Zero, taʼlim-tarbiya sohasiga qaratilayotgan bugungi eʼtibor yurtning ertangi kuni qanday boʻlishini belgilovchi asosiy omil ekanini davrning oʻzi koʻrsatib boʻlgan.
Nargiza ISLOMOVA,
Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi
313-maktab oʻqituvchisi.