O‘n besh kunda 20 ming tonna bug‘doy sotildi
“O‘zRTXB” aksiyadorlik jamiyatidan ma’lum qilishlaricha, 12-avgustidan boshlab, eksport qilishga mo‘ljallangan mahalliy oziq-ovqat, xususan bug‘doy savdoga doimiy ravishda qo‘yib kelinmoqda.
“O‘zRTXB” aksiyadorlik jamiyatidan ma’lum qilishlaricha, 12-avgustidan boshlab, eksport qilishga mo‘ljallangan mahalliy oziq-ovqat, xususan bug‘doy savdoga doimiy ravishda qo‘yib kelinmoqda.
Birja savdolarida bug‘doy sotuvchilari sifatida “O‘zdonmahsulot”tizimiga kiruvchi korxonalar ishtirok etmoqda.
Ayni vaqtda birjaning kotirovkalash varag‘iga 1 tonnali lot bilan 3-sinf bug‘doyni sotish bo‘yicha 22 ta namunali shartnoma kiritilgan.
Mazkur mahsulot O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan ochiq elektron birja savdolari orqali mahalliy tadbirkorlar uchun imtiyozli ravishda keyinchalik eksport qilish sharti bilan sotilmoqda.
Birja orqali xarid qilgan bug‘doyni bug‘doy yoki un shaklida eksport qilinganda, 20 foiz qo‘shimcha qiymat solig‘i tadbirkorlarga imtiyoz sifatida qaytariladi. Ya’ni, tadbirkorlar boshlang‘ich narxi 1 932,0 ming so‘mlik bug‘doyni birja savdolari orqali QQSni hisobga olmaganda aslida uning bir tonnasini 1 610,0 ming so‘mga xarid qilishadi.
Joriy yilning 27 avgust holatigacha o‘tkazilgan savdo natijalariga ko‘ra tadbirkorlik sub’ektlari taqdim etilgan imtiyozdan foydalangan holda birja savdolari orqali qiymati 38,0 milliard so‘mdan yuqori deyarli 20,0 ming tonna bug‘doyni sotib oldi.
Eslatib o‘tamiz, birja savdolarida xaridor sifatida ishtirok etish uchun birjada akkreditatsiyadan o‘tish, hisob-kitob kliring palatasida hisobvaraqasini ochish va brokerlik idorasi bilan shartnoma tuzish kerak. Birja savdolarida ishtirok etish bo‘yicha batafsil video-qo‘llanma birjaning www.uzex.uz veb-saytida joylashtirilgan.