Nuroniylar duosi ijobat bo‘ladi
Inson qadri ulug‘lanayotgan mamlakatimizda so‘nggi yillarda keksa avlod vakillarini e’zozlab, ularning uzoq umr ko‘rishi, hayotini sermazmun o‘tkazib, sog‘ligini tiklashi uchun barcha sharoit yaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 maydagi "Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qarori ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilayotir. Shunga muvofiq noyabr oyida "Keksalar uchun turizm oyligi" o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, sayohat chog‘ida tabarruk otaxon va onaxonlarni joylashtirish, ovqatlanish va transport xizmatlari uchun mablag‘larning teng yarmi — “Sayohat barcha uchun!” xayriya maxsus hisobvarag‘idan, qolgan qismi — O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanishi rejalashtirilgani ham keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtiromning amaldagi ifodasi bo‘lmoqda.

–Keyingi yillarda keksalarni e’zozlab, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, munosib turmush kechirishi uchun zarur sharoitlarni yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi, – deydi Surxondaryo viloyati mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, senator Orziqul Soatov. – Nuroniylarimizning Vatanimiz bo‘ylab sayohatga chiqishi, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishiga qulay muhit yaratgan "Keksalar uchun turizm oyligi" bunga yaqqol dalildir. Sayohatga chiqayotgan keksalarimiz ko‘rsatilayotgan xizmatlardan behad mamnun bo‘lib, boy taassurotlar bilan qaytmoqda. Ruxan yanada tetiklashib, yoshu-keksaga birdek e’tibor qaratayotgan davlatimizga minnatdorlik bildirmoqda.

Viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, oylik doirasida mingga yaqin keksa avlod vakillari boy tarixga ega mamlakatimizning turli hududlarida bo‘lib, maroqli sayohat qilishdi. Tarixiy va arxeologik yodgorliklar, diqqatga sazovor joylarda bo‘lib qaytishdi. Buyuk ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan muqaddas qadomjolarni ziyorat qilishdi. Jumladan, Termiz shahridan kecha yo‘lga chiqqan 50 nafar nuroniy sayohatini Hakim at Termiziy majmuasidan boshladi. Ayni paytda ular Samarqand viloyatida bo‘lib, qadimiy go‘shadagi muqaddas qadamjolar va tarixiy obidalar bilan yaqindan tanishmoqda.
Sho‘rchi tumanida yashaydigan 45 nafar mehnat faxriylari bir yo‘la Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlariga yo‘l oldi. Uzun tumanilik nuroniylar ham Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida bo‘lib qaytdi.

–Yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlarimizga sayohat juda manzur bo‘lmoqda, – deydi Uzun tumani mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining nuroniylar masalalari bo‘yicha maslahatchisi B.Toshboyev.– Samarqand shahridagi tarixiy-me’moriy obidalarni tomosha qilgan keksa sayyohlarimiz keyingi yillarda qadimiy shaharda yuz bergan ulkan yangilanishlar bilan yaqindan tanishdi. Buxoro va Xiva shaharlaridan unutilmas taassurotlar bilan qaytdi.
Viloyatda keksalarni sayohatga olib chiqishda ularning xoxish-istaklari ham alohida e’tiborga olinayotir. Masalan, oylik doirasida jarqo‘rg‘onlik bir guruh nuroniylar viloyatdagi Hakim Termiziy, Iso Termiziy, Sulton Saodat majmualari va boshqa tarixiy obidalarni, muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi. Xorazm, Buxoro va Samarqand viloyatlarida bo‘lib qaytdi.

–Sayohat davrida nafaqat ajdodlarimiz barpo etgan tarixiy-me’moriy obidalarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, o‘tmishda yashab o‘tgan buyuk ajdodlarimizni ziyorat qildik balki, joylarda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar bilan ham tanishdik, – deydi mehnat faxriysi A.To‘rayev.– Ziyoratdan ko‘nglimiz orom olib, ruhan yengillashgan bo‘lsak, mamlakatimizda yuz berayotgan yangilanishlar faxr hissimizni kuchaytirdi. Bunday sayru-sayohatlarda bo‘lish biz keksalar uchun yaqin yillarda ham orzu edi, xolos. Endilikda sermazmun sayohatdan olgan taassurotlarimizni yoshlarga maroq bilan so‘zlab beryapmiz. Biz, keksalarni e’zozlayotgan Vatanimiz hamisha tinch, osuda, obod va to‘kin bo‘laversin.
Janubdagi vohadan sayohatga chiqayotgan yoshi ulug‘ keksa avlod vakillari muqaddas ziyoratgohlarda bo‘lganida Yangi O‘zbekistonga tinchlik-totuvlik, xalqimizga yanada obod turmush, inson manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarga bardavomlik tilab, duoga qo‘l ochmoqda.
"Keksalar uchun turizm oyligi" davom etmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA