Nurafshonda harbiy-vatanparvarlik aksiyasi
Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida mingdan ortiq yoshlar ishtirokida harbiy-vatanparvarlik aksiyasi o‘tkazildi.
Tadbir Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti, Toshkent harbiy okrugi harbiy qismlari, Qurolli Kuchlar ashula va raqs ansambli, Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi hamda Nurafshon shahar hokimligi hamkorligida tashkil etildi.

Tantanani shahar hokimi Qahramon Hakimov kirish so‘zi bilan ochib, bunday tadbirlar nafaqat o‘sib kelayotgan millionlab yoshlar qalbida vatanparvarlikni shakllantirishga, balki ular orasida harbiy kasbga bo‘lgan havas va qiziqishlar ortishiga, shuningdek armiya va xalq yakdilligini ta’minlashga ham xizmat qilishligini ta’kidlab o‘tdi.

Tadbirda harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, aloqa harbiy instituti kursantlari tomonidan yaratilgan robototexnikalar namunasi, uchuvchisiz uchish apparatlari, desantchilarning qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar, harbiy ansambl hamda madaniyat xodimlari ijrosidagi kuy va qo‘shiqlar namoyish etilib, ishtirokchilarga quvonch ulashdi.


Mudofaa vazirligi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti