Nurafshonda bayram nishonlandi
Nurafshon shahri markazida “Konstitutsiya xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi” shiori ostida bayram tadbiri uyushtirildi.
Tadbirda Toshkent viloyati hokimligi mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiylar, nuroniylar va yoshlar qatnashdi.


Bayram avvalida faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ijrosida O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi.
Qomusimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi, deya e’lon qilinar ekan, unda inson huquqlariga oid normalar 3 baravardan ortiqqa oshdi. Inson huquq va erkinliklari qonunlarimizning, har bir vazirlik va idora faoliyatining mazmuniga aylanishi qat’iy talab sifatida belgilandiki, bu hol davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning faqat fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab faoliyat ko‘rsatishiga asos bo‘ladi.


Binobarin, qonunlardagi noaniqliklar inson foydasiga hal bo‘lishi shart va zarur. Bunga ko‘ra, davlat va inson o‘rtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar, turli tushunmovchiliklar bartaraf etiladi.
– Yana bir muhim yangilik davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlarni yaratishi mustahkamlandi, – deydi Toshkent viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Hamdam Nazarov. – Ushbu normaning kiritilishi jamiyatimizda oila mustahkamligi va mo‘’tabarligini barqaror ta’minlashga xizmat qiladi.


Endi farzandlar tarbiyasi, ularga ta’lim berish, barkamol voyaga yetkazish ham ota-ona majburiyati sifatida belgilandi. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish esa davlatning burchi sifatida belgilandi.
Tadbirda san’atkorlar tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi. Bayram tadbirlari viloyatning barcha muassasalarida davom etmoqda.
A.Musayev, D.Ernazarov(surat), O‘zA muxbiri