Nuqsonli mahsulotlarni tekshirishning huquqiy mexanizmlari belgilanmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator masalalar, xususan, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi bilan nuqsonlari aniqlangan tovarni almashtirib berish uchun tovar sifatini qo‘shimcha ravishda tekshirish holatlari, asoslari va tartib-taomillarini aniq belgilash nazarda tutilmoqda.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, sotib olingan mahsulotning tuzilishi, tarkibi, sifatida nuqsoni bo‘lsa, sotuvchi uni 7 kun ichida iste’molchiga almashtirib berishi mumkin.

Mahsulotdagi nuqsonlar iste’molchi tomonidan foydalanish, saqlash qoidalarini buzish yoki uchinchi shaxslar harakatlari natijasida kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligini tashqi ko‘rinishidan aniqlash imkoni bo‘lmagan hollarda qo‘shimcha tekshirish o‘tkazishning huquqiy mexanizmlari belgilanmoqda. Bunda tekshirish xarajatlari sotuvchi tomonidan qoplab beriladi.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan iste’molchining nuqsonli tovar sifatini qo‘shimcha ravishda tekshirishdagi ishtiroki bilan bog‘liq kafolatlar ham mustahkamlanmoqda. Xususan, iste’molchining shaxsan yoki o‘z vakili orqali tekshirish jarayonida ishtirok etish huquqi belgilanmoqda.
Muhokamalarda fraksiya a’zolari qonun loyihasining qabul qilinishi iste’molchilarning nuqsonli tovarlarni almashtirishdagi huquq va qonuniy manfaatlarini yanada samarali himoya qilishga xizmat qilishini ta’kidladi. Shuningdek, sotuvchi va iste’molchi o‘rtasidagi nizoli holatlarning, tovarlarni almashtirishda muddat buzilishining oldini olishda alohida ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA