Nukusda yana bir korxona ish boshladi
Vatanimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi arafasida Nukus shahrida “Titan DSZ” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona foydalanishga topshirildi.
Vatanimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi arafasida Nukus shahrida “Titan DSZ” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona foydalanishga topshirildi.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 30 maydagi “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hududlardagi korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va barqaror ishlashini ta’minlashda dasturilamal bo‘lmoqda.

Korxonaning umumiy qiymati 1 million dollar bo‘lib, yillik quvvati 50 ming dona yarim avtomat kir yuvish mashinasini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Loyiha ish boshlashi natijasida 30 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Korxonada “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, dastlab ichki bozor talabini qondirish, so‘ngra eksportni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

– Ushbu ishlab chiqarish faoliyati “O‘zeltexsanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yildi, – deydi korxona direktori Sulaymon Ubaydullaev. – Xitoy Xalq Respublikasidan olib kelingan zamonaviy texnologik liniyalarda dastlabki bosqichda yarim avtomat kir yuvish mashinasi ishlab chiqariladi. Kelgusida ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida loyihaning keyingi bosqichi ustida ish olib borilmoqda.
