Nukusda sayyor qabul o‘tkazildi
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Sevara Shakirova tomonidan Nukus shahrida fuqarolar uchun sayyor qabul tashkil etildi.
Qabul jarayonida fuqarolarning prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatiga oid savol, taklif va murojaatlari tinglandi. Ota-onalar o‘quv jarayonini tashkil etish, darslar sifati va ta’lim samaradorligini oshirish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bevosita rahbarga bildirish imkoniga ega bo‘ldi.

Sayyor qabul davomida kelib tushgan ayrim murojaatlar joyida ijobiy hal etildi. Xususan, farzandlari ta’lim olayotgan maktabning yashash joyidan uzoqligi yuzasidan bildirilgan murojaatlar ko‘rib chiqilib, o‘quvchilarni yaqinroq ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘tkazish masalasi hal etildi.

Natijada o‘quvchilar endilikda o‘z yashash manziliga yaqin bo‘lgan ixtisoslashtirilgan maktablarda ta’lim olish imkoniga ega bo‘ldi.

Vaqt talab qiladigan masalalar yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berilgan.

Bu kabi sayyor qabullar o‘quvchi va ota-onalarning takliflarini kollaboratsiya qilish orqali ta’lim sifatini oshirish imkonini beradi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri