Nukusda harbiylar aholiga saxovat ulashdi
“Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi!” xayriya tadbiri doirasida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning tashabbuskor harbiy xizmatchilari tomonidan shaharda istiqomat qilayotgan mehr va e’tiborga muhtoj, ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan 22 xonadonga saxovat ulashildi.

Garnizondagi 1-sonli yopiq harbiy shaharchaga yaqin bo‘lgan Tinishliq, Jana bazar hamda Bestobe mahallalariga yuborilgan insonparvarlik yordami bilan birga harbiy xizmatchilar ushbu xonadonlarga Yangi yil bayrami shukuhini ham olib kirdi.

Birlamchi oziq-ovqat maxsulotlari hamda bolajonlarga Yangi yil sovg‘alarini yetkazish uchun harbiy xizmatchilar bilan birga Nukus harbiy prokuraturasi vakillari ham ishtirok etdi.


“Xalq va armiya bir tanu, bir jon” degan ezgu g‘oyaning amaliy ifodasini namoyon etgan ushbu xayriya tadbiridan yurtdoshlarimizning mamnunligi yurt himoyachilari qalbini nurga to‘ldirdi.
O‘zA