Nukusda fotobioreaktorli ekologik bekat ishga tushdi
Nukusda qayta tiklanuvchi energetika, biotexnologiyalar va zamonaviy shahar infratuzilmasini birlashtirgan ilk pilot namoyish ob’ekti, ya’ni havoni tozalash uchun tirik suv o‘tlari panellari bilan jihozlangan zamonaviy shahar transport kutish paviloni — fotobioreaktorli ekologik bekat ishga tushdi.
Mazkur loyiha “Yuksalish” harakati tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi hududida amalga oshirildi. Ob’ektni loyihalash, ishlab chiqish, tayyorlash va o‘rnatish ishlari “Yosh olimlar Akademiyasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari tomonidan mahalliy olimlar va muhandislar ishtirokida bajarildi.

Loyihaning asosiy elementi fotobioreaktor bo‘lib, unda O‘zbekiston olimlari tomonidan ajratib olingan va mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirilgan mahalliy mikrosuvo‘t shtammi yetishtiriladi. Mikrosuvo‘tlar quyosh nuri, suv va karbonat angidrid (CO₂) yordamida fotosintez jarayonini amalga oshirib, kislorod va biomassa hosil qiladi.

Quyosh panellari ishlab chiqaradigan elektr energiyasi akkumulyatorlarda saqlanadi va fotobioreaktor, suv aylanish tizimi, aeratsiya, yoritish hamda mobil qurilmalarni quvvatlantirish uchun ishlatiladi.
Loyihaning asosiy maqsadi mahalliy ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, ekologik texnologiyalarni ommalashtirish hamda qayta tiklanuvchi energiya va biotexnologiyalarni shahar infratuzilmasida qo‘llash imkoniyatlarini namoyish etishdir.
Mazkur ob’ekt kelgusida mikrosuvo‘tlarni yetishtirish texnologiyalarini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekistonda “yashil” texnologiyalarni keng joriy etish uchun namoyish maydonchasi sifatida xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri