Nukusda “Biz –donormiz” xayriya aksiyasi o‘tkazildi
“Yuksalish” harakati tomonidan Respublika qon quyish markazi bilan hamkorlikda joriy yil 15-30-may kunlari butun respublika bo‘ylab “Biz – donormiz” xayriya aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Mazkur xayriya aksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qon quyish markazida ham bo‘lib o‘tdi. Unda oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va talabalari, Milliy gvardiya xodimlari, yoshlar hamda faol fuqarolar ishtirok etdi.

Aksiyada davomida topshirilgan donorlik qoni har kuni murakkab vaziyatlarga tushgan insonlarning hayotini saqlab qoladi. Og‘ir jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan bemorlar, avtohalokatlarda jabrlanganlar, onkologik kasalliklar bilan og‘riganlar va qon quyishni talab qiladigan boshqa ko‘plab tashxislari bor odamlar shular jumlasidandir.

Bunday tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazish kasalxonalar va tibbiyot markazlarida qonning yetarli darajada ta’minlanishiga yordam beradi. Bu ayniqsa, favqulodda vaziyatlar va rejalashtirilgan jarrohlik amaliyotlari uchun muhimdir. Eng asosiysi qon topshirish orqali ko‘plab insonlarning hayoti saqlab qolinadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.