“Nukus” poligonida askarlar o‘rtasidagi eng katta bellashuvga start berildi
Bugun, 15 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida muhandislik hamda Quruqlikdagi qo‘shinlar havo hujumidan mudofaa bo‘linmalarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar o‘rtasidagi “Eng ilg‘or mutaxassis” ko‘rik-tanlovining final bosqichiga start berildi.
Ta’kidlash joizki, vazirlik miqyosida “Men g‘olib!” shiori ostida an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan ushbu tanlov “Nukus” umumqo‘shin poligonida birinchi marotaba bo‘lib o‘tmoqda.
Mutaxassis askarlarning kasbga oid malakasini oshirish, yetakchilik qobiliyatini yuksaltirish hamda ilg‘orlarni munosib rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan musobaqani Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov ochib berdi.

Ko‘rik-tanlovda muhandislik bo‘linmalari o‘rtasida “Eng ilg‘or mutaxassis sapyor”, “Eng ilg‘or muhandislik razvedka dozori” va “Dizelchi-elektrik” nominatsiyalari, shuningdek, Quruqlikdagi qo‘shinlar havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari o‘rtasida “Eng ilg‘or ko‘chma zenit-raketa kompleksi mutaxassisi” va “Eng ilg‘or ZU-23-2 (zenit qurilmasi) mutaxassisi” nominatsiyalari bo‘yicha jami 78 nafar muddatli harbiy xizmatchi 6 ta jamoa sharafini himoya qilish uchun bellashadi.
Tanlovning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda ishtirokchilar xatti-harakatini adolatli baholash maqsadida musobaqani Mudofaa vazirligi markaziy apparati vakillaridan iborat hay’at a’zolari baholab boradi.

Musobaqaning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi xonandalari va harbiy orkestr tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi, faxriy qorovul vzvodining ko‘rgazmali chiqishlari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.



Timur Narziyev,
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug
matbuot xizmati boshlig‘i.
O‘zA