Nukus garnizonidagi harbiy qism 28 yoshga to‘ldi
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugning Nukus garnizonida joylashgan harbiy qismlardan biri tashkil topgan kunini nishonladi.
Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga xabar berdi.
Mudofaa vazirining 1993 yil 30 may kunidagi direktivasiga asosan tashkil etilgan harbiy qismga 1995 yil 16 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining jangovar bayrog‘i hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan faxriy yorliq shon-sharaf ramzi sifatida tantanali ravishda topshirilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida olib borilayotgan islohotlar natijasida 2018 yilda harbiy qism kapital ta’mirdan chiqib, zamonaviy qiyofaga ega bo‘ldi. Eng olis garnizonda joylashganiga qaramay, har qanday vaziyatga yuqori jangovar shaylik, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlaridagi yutuqlari bilan milliy armiyamizda o‘z nufuziga ega bo‘lgan ushbu harbiy qism 28 yil davomida yetuk ofitser va serjantlarni tarbiyalaydigan maskanga aylangan.
Darhaqiqat, hozirgi kunda mazkur harbiy qismda 20 dan ortiq davlat mukofoti va mudofaa vazirining ko‘krak nishonlariga ega bo‘lgan yurt himoyachilari, Qurolli Kuchlar xizmatchilari sadoqat va fidoyilik namunasini ko‘rsatib kelmoqda.
“Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi katta serjant Amanbay Yerdashev, “Jasorat” medali sohibi kichik serjant Jaslan Abdramanov va bir qancha harbiylar bugun xizmatdoshlari hamda xalqimizning faxru-iftixori bo‘lmoqda.
2018 yil harbiy qism tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Kapital ta’mirdan chiqqan harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurib, harbiylar bilan yaqindan muloqot qildi. Davlatimiz rahbari tomonidan shaxsiy tarkibga bildirilgan yuksak ishonch va ehtirom Vatan himoyachilarining ruhini yanada ko‘tarib, harbiy okrug hamda Mudofaa vazirligi nufuzini yuksaltirish yo‘lida munosib hissa qo‘shishga, yurtimizning Shimoli-g‘arbiy sarhadlarini mustahkam himoya qilishga jangovar ruh bag‘ishladi.
O‘tgan yillar davomida Xalqaro armiya o‘yinlari, nufuzli sport musobaqalarida ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan harbiy qism vakillari so‘nggi ikki yil davomida Mudofaa vazirligi miqyosida o‘tkazilayotgan “Namunali harbiy oila” ko‘rik-tanlovida faxrli 1-o‘rinni egallab kelmoqda.
Mamlakatimizda pandemiya sabab joriy etilgan karantin davrida ham harbiy qism asosiy tarkibi kasallik avj olishiga yo‘l qo‘ymasdan, aholi salomatligini mustahkamlash, ehtiyojmand yurtdoshlarimizning yumushini oson qilishda tunu-kun xizmatda bo‘lishdi.
Muddatli harbiy xizmatchilar bilan olib borilayotgan jangovar hamda ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari tufayli o‘tkaziladigan turli tanlov va musobaqalarda harbiy qism nufuzini yuksaltirishga askarlar ham munosib hissa qo‘shib kelyapti. Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab o‘tkaziladigan tantanali tadbirlarda qo‘l jangi elementlari va faxriy qorovul vzvodining ko‘rgazmali chiqishlari minglab yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ular o‘rtasida harbiy xizmat nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. Shu bois, armiya saflarida xizmat qilishga intilayotgan qoraqalpog‘istonlik yoshlarning soni yildan-yilga ortib, hayotini harbiy soha bilan chambarchas bog‘lash istagini bildirayotganlar ko‘paymoqda.
Harbiy qism tashkil topgan kun munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda ishtirok etgan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov barcha harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar ishchi-xizmatchilarni hamda faxriy ustozlarni mazkur tarixiy sana bilan samimiy qutlar ekan, kelgusi xizmatlarida ulkan zafarlar qo‘lga kiritilishiga tilak bildirdi. Namunali intizomi blian safdoshlariga o‘rnak bo‘lgan va xizmatiga sidqidildan yondashgan bir guruh harbiy xizmatchilar harbiy okrug va harbiy qism qo‘mondonliklarining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bir guruh harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar topshirildi.
Bayram munosabati bilan tashkil etilgan konsert dasturida Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestri jamoasi hamda Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universiteti san’at fakultetining talabalari ajoyib kuy va qo‘shiqlar bilan ishtirokchilarga xushkayfiyat ulashgan bo‘lsa, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi rassomlari tomonidan namoyish etilgan mahorat darslari davomida harbiy xizmatchilar va ularning farzandlariga portret janrida rasm chizishning sir-sinoatlari namoyon etildi. Harbiylarning farzandlari uchun tashkil etilgan qiziqarli yutuqli o‘yinlar ham jajji bolakaylarga bir olam quvonch bag‘ishladi.