Nukus garnizonida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugning Nukus garnizonida Vatanparvarlik oyligi doirasida muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir – “Xalq bilan armiya bir tanu bir jon” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi.
Tadbirda urush va mehnat faxriylari, Qurolli Kuchlar safida xizmat qilayotgan ofitser va askarlar, shuningdek, yoshlar - harbiy xizmatchilarning farzandlari, talaba-yoshlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Uchrashuvning asosiy maqsadi yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va fuqarolik mas’uliyatini yanada mustahkamlashdir.
[gallery-27009]
Tadbir tantanali ochilish marosimi bilan boshlandi. Unda so‘zga chiqqan harbiy okrug vakillari Vatanparvarlik oyligi doirasida o‘tkazilayotgan ma’naviy tadbirlar yoshlar tarbiyasida muhim o‘rin tutishini, ayniqsa, uch avlod vakillarining bir davrada jam bo‘lib muloqot qilishi ibrat maktabi ekanini ta’kidlashdi. Shuningdek, bugungi kunda armiyamizning jangovar shayligi, intizomi va xalq bilan hamjihatligi mamlakat tinchligi va barqarorligining muhim omili ekani qayd etildi.
“Uch avlod uchrashuvi” doirasida faxriylar o‘z hayot yo‘llari, mashaqqatli yillar xotiralari, Vatan ravnaqi yo‘lida ko‘rsatgan fidoyiliklari haqida samimiy so‘zlab berishdi. Ularning hayotiy tajribasi va nasihatlari yoshlar uchun bebaho saboq bo‘ldi. Harbiy xizmatchilar esa bugungi xizmat sharoitlari, zamonaviy texnika va tayyorgarlik jarayonlari, tinchlikni saqlash yo‘lidagi mas’uliyatli vazifalar haqida so‘z yuritishdi.
Tadbir davomida yoshlar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javoblar berildi. Bu esa ishtirokchilarga bir-birini yanada yaxshiroq tushunish, armiyaga bo‘lgan ishonch va hurmatni mustahkamlash imkonini berdi. Shuningdek, Vatanparvarlik ruhidagi she’rlar, kuy-qo‘shiqlar va sahna ko‘rinishlari tadbirga alohida fayz bag‘ishladi.
Yakunda faol ishtirok etgan faxriylar va harbiy xizmatchilar tashakkurnomalar bilan taqdirlanishdi. Barcha ishtirokchilar bunday uchrashuvlar yoshlar ongida sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish, xalq va armiya birligini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida e’tirof etishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari