«Nukus Agrominitex-2020» ko‘rgazmasi ochildi
Nukusda qishloq xo‘jaligi texnika va texnologiyalarining agrosanoat majmualari uchun ixtisoslashtirilgan «Nukus Agrominitex-2020» ko‘rgazmasi ochildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan hamkorlikda tashkil etilgan ko‘rgazmaning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari B.Xabibullayev, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i M.Gaffarov va boshqalar so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sanoatini rivojlantirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtalishdi.

Ta’kidlanganidek, ko‘rgazmani tashkil etishdan asosiy maqsad, qishloq xo‘jaligi sohasiga oid barcha mini texnika va texnologiyalarni ishlab chiqarishga asoslangan tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilish orqali Orolbo‘yida agrosanoat sohasini rivojlantirish, ichki va tashqi bozorlarga chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining turlarini ko‘paytirish, aholini ish bilan ta’minlashdan iborat.
Ko‘rgazmada Toshkent shahri, viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlaridagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash va ko‘paytirish, texnika va texnologiyalarini yetkazib beruvchi va ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etmoqda.

Jumladan, yer haydash, qayta ishlash va qishloq xo‘jaligida zarur bo‘ladigan turli xildagi maxsus texnikalar va ehtiyot qismlarni yetkazib beruvchi korxonalar, turli hajmdagi issiqxonalarni tayyorlovchi tadbirkorlik sub’ektlari, shuningdek qishloq xo‘jalik texnikalarini lizingga beruvchi kompaniyalar mahsulotlari hamda xizmatlari bilan tanishish mumkin. Bundan tashqari, meva-sabzavot mahsulotlarini tayyorlash va qayta ishlashga mo‘ljallangan texnikalar, baliqni yetishtirish, ko‘paytirish texnikalari, suvni tozalaydigan asbob-uskunalar namoyish etilmoqda.
–Ko‘rgazmaga Germaniyaning Agralis GMBX kompaniyasi zamonaviy sut sog‘ish apparatlari, muzlatgichlar, shuningdek 20 boshdan 3000 boshgacha qoramolga mo‘ljallangan chorvachilik majmualari uskunalari bilan ishtirok etayapmiz,–deydi Toshkent shahridagi “MilkTexProfi” mas’uliyati cheklangan jamiyati vakili Davronbek Ismailov. –Maqsadimiz Qoraqalpog‘iston Respublikasining chorvachilik fermer xo‘jaliklari bilan tig‘iz hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Mazkur ko‘rgazma 27 noyabrgacha davom etadi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA