Nozima "El-yurt umidi" tanlovi g‘olibi bo‘ldi
Sirdaryo viloyatining ta’lim tizimi yana bir quvonchli yangilik bilan boyidi. Guliston shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatining iqtidorli bitiruvchisi Nozima Sotiboldiyeva "El-yurt umidi" jamg‘armasining 2026-yilgi birinchi ochiq stipendiya tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Avstraliyaning nufuzli University of Technology Sydney (UTS) universitetida tahsil olish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Mazkur stipendiya tanlovi xorijning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida bilim olishni maqsad qilgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, unda yuksak bilim, chet tillarini bilish darajasi, ilmiy salohiyat va yetakchilik qobiliyatiga ega nomzodlar saralab olinadi. Nozimaning mazkur yutug‘i ham uning ko‘p yillik izlanishlari, izchil mehnati va bilimga chanqoqligining munosib samarasi bo‘ldi.
U tahsil oladigan University of Technology Sydney Avstraliyaning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, xalqaro reytinglarda muntazam ravishda dunyoning TOP-100 universitetlari qatoridan o‘rin oladi. Ushbu universitet innovatsion ta’lim tizimi, ilmiy tadqiqotlari va zamonaviy mutaxassislar tayyorlashdagi yuqori salohiyati bilan jahonda e’tirof etilgan.
Bu yutuq, eng avvalo, mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning xalqaro maydonda raqobatbardosh kadrlar bo‘lib kamol topishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar samarasi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
— Bu men uchun unutilmas va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlagan voqea bo‘ldi. Oldimga qo‘ygan eng katta maqsadlarimdan biriga erishdim. Hali amalga oshirmoqchi bo‘lgan rejalarim, orzu va maqsadlarim juda ko‘p. Bugungi yutug‘imda avvalo mehr va ishonchi bilan meni qo‘llab-quvvatlagan ota-onamga, bilim va tarbiya bergan aziz ustozlarimga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Shuningdek, biz yoshlarga shunday yuksak imkoniyatlar yaratib, xorijning eng nufuzli universitetlarida tahsil olishimiz uchun keng yo‘l ochib berayotgan muhtaram Prezidentimizga ham samimiy tashakkur aytaman. Ana shunday e’tibor va ishonch biz, yoshlarni yanada ko‘proq izlanishga, Vatanimiz ravnaqi uchun munosib kadr bo‘lishga undaydi, — deydi Nozima Sotiboldiyeva.
Ta’lim sohasi mutaxassislarining ta’kidlashicha, bunday yutuqlar boshqa iqtidorli yoshlar uchun ham katta ruhiy rag‘bat va ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi. Chunki yurtimizda ilm-fan va ta’limga qaratilayotgan yuksak e’tibor har bir intilishga tayyor yoshga o‘z salohiyatini namoyon etish imkonini bermoqda.
Nozima Sotiboldiyevaning xalqaro miqyosdagi bu muvaffaqiyati nafaqat uning oilasi va ustozlari, balki butun Sirdaryo viloyati ahli uchun ham faxr va iftixor manbai bo‘lib, mamlakatimiz yoshlarining intellektual salohiyati tobora yuksalib borayotganining yana bir yorqin ifodasiga aylandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri