Noyabrning ikkinchi yakshanbasi Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni etib belgilanmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda bir qator muhim qonun loyihalari va parlament nazoratiga oid masalalar ko‘rib chiqilmoqda.
Dastlab “Farmatsevtika xodimlari kunini belgilash munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
— Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, farmatsevtika sohasi jadal rivojlanmoqda, — dedi deputat Baxtiyor Ortiqov. — Sohaga ajratilayotgan byudjet mablag‘lari ham yildan-yilga oshirib borilmoqda. Aholiga tezkor tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati oshmoqda. Onalar va go‘daklar o‘limi 2 barobarga kamaydi. Bu kabi erishilayotgan raqamlar tibbiyot sohasidagi islohotlar natijasidir.

Jumladan, farmatsevtika sohasida ham bir qator sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda yurtimizda 50 mingdan ortiq farmatsevtika mutaxassisi faoliyat yuritmoqda. 504 ta farmatsevtika ishlab chiqarish korxonasi, 478 ta distribyutor tashkilot va 14 mingdan ortiq dorixona aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash dolzarb ahamiyatga ega. Shu maqsadda ushbu qonun loyihasiga ko‘ra, amaldagi qonunda “Tibbiyot xodimlari” degan so‘zlar “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari” degan so‘zlar bilan almashtirilib, noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni etib belgilanishi nazarda tutilmoqda. Amaldagi qonunga ko‘ra, faqatgina tibbiyot xodimlari kuni nishonlanar edi, — dedi deputat.
Muhokamalarda mazkur qonun loyihasi jamiyatda farmatsevtika xodimlarining mavqeini oshirish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Majlisda qonun loyihasi keyingi o‘qishlarda ham ko‘rib chiqilib, qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA