Nosoz mashinalar bilan bog‘liq murojaatlar ko‘paymoqda
Ne-ne orzular bilan yillar davomida pul to‘plab, mashina xarid qilsangiz-u, ammo mashinada nosozlik chiqsa, ko‘ngil xira bo‘ladi.
Bu kabi holga duch kelayotgan fuqarolarimiz soni ham talaygina. Afsuski, bugun O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga kelayotgan murojaatlarning ko‘pi aynan mashina savdosi bilan bog‘liq.
Yaqinda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi fuqaro I.J ham federatsiyaning Buxoro shahar jamiyatiga xuddi shu muammo bilan murojaat qilgan.
U Buxoro viloyatida joylashgan avtosalondan 369 000 000 so‘mga “Malibu” rusumli avtomobil xarid qilganligi, ammo mashinaning nosozligidan noroziligini bildirgan.
Fuqaro avtosalon xodimlariga bir necha bor bu haqda murojaat qilgan. Biroq, murojaatlari e’tiborsiz qoldirilgan.
Holat Buxoro shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan o‘rganildi.
Avtosalon rahbariyatiga amaldagi qonun hujjatlari talabi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgach, avtomashina tuzatib berildi.
Karimjon Hafizov,
Buxoro shahar iste’molchilar huquqini
himoya qilish jamiyati raisi