Norvegiya Xolandsiz ham Shvetsiyadan ustun keldi. Turkiya esa yirik hisobdagi g'alabani qo'lga kiritdi. Kecha tunda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda qayd etilgan natijalar bilan tanishing
Norvegiya Xolandsiz ham Shvetsiyadan ustun keldi. Turkiya esa yirik hisobdagi g'alabani qo'lga kiritdi.
Jahon chempionati startidan avval bir nechta terma jamoalar o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazmoqda. Kecha bo'lib o'tgan uchrashuvlarda qayd etilgan natijalar bilan tanishing:
Norvegiya 3:1 Shvetsiya
28 yillik tanaffusdan so‘ng jahon chempionatiga yo‘l olgan Norvegiya terma jamoasi mundialga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida dastlabki nazorat uchrashuvida maydonga tushdi. Raqiblari mundialning yana bir ishtirokchisi Shvetsiya terma jamoasi bo‘ldi. Bellashuvning birinchi bo‘limining o‘zidayoq "vikinglar" 3ta to‘p farqi bilan oldinga chiqib oldi. Dastlab 9-daqiqada Strent Larsen hisobni ochgan bo‘lsa, 18-daqiqada Nusa oradagi farqni ikkitaga oshirdi. 37-daqiqada esa Larsen dublni rasmiylashtirib, tanaffusga jamoasi yirik hisobda yo‘l olishini ta’minladi. Ikkinchi bo‘limda esa Aleksander Isak shvedlarning yagona goliga mualliflik qildi. Yakuniy hisob 3:1 Norvegiya terma jamoasi g‘alaba qozondi. E’tiborli tomoni Erling Xoland va Martin Edegor "vikinglar" safida maydonga tushmadi.
Turkiya 4:0 Shimoliy Makedoniya
Vinchenso Montella boshqaruvidagi Turkiya terma jamoasi o‘z uylarida Shimoliy Makedoniyaga qarshi bahs olib bordi. Bahs turklarning yirik 4:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Gollarga Orkun Ko‘kju, Jan Uzun, Barish Alper Yilmaz va Deniz Gul mualliflik qildi.
Avstriya 1:0 Tunis
David Alaba yetakchiligidagi Avstriya terma jamoasi o‘rtoqlik uchrashuvida Afrika qit’asi vakili Tunisga qarshi maydonga tushdi. Bellashuvda mezbonlar minimal hisobdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Yagona golga Marsel Zabitser mualliflik qildi.