Norvegiya FIFA prezidenti Janni Infantinoning iste’fosini talab qildi
Tegishli qaror federatsiya boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishida bir ovozdan ma’qullandi.
Norvegiya futbol federatsiyasi (NFF) FIFA prezidenti Janni Infantinoning zudlik bilan o‘z lavozimini tark etishini talab qilmoqda. Tegishli qaror federatsiya boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishida bir ovozdan ma’qullandi. Shu tariqa, Norvegiya «Fifa Forward Enterprise» loyihasi atrofidagi mojarolar ortidan Infantinoning iste’fosini ochiqchasiga talab qilgan birinchi milliy assosiatsiyaga aylandi.
«Biz Infantinoga nisbatan hech qanday ishonch qolmadi, degan to‘xtamga keldik. Yildan yilga xavotirlarimiz ortib bordi va vaziyat tobora yomonlashdi. Biz uchun ishonch tugadi, Infantino uchun ortga yo‘l yo‘q», — dedi NFF prezidenti Lise Klaveness.
Federatsiya rahbarining ta’kidlashicha, hozirda jahon futboli chuqur bo‘linish va tartibsizlik holatida qolmoqda. Shu sababli NFF FIFA rahbarining darhol lavozimidan ketishini so‘rab, kelgusi haftada tashkilotga rasmiy xat yuborishni rejalashtirgan.
Bundan tashqari, Norvegiya futbol mutasaddilari FIFAning Etika qo‘mitasiga uchta asosiy holat bo‘yicha yangi shikoyat arizasini tayyorlamoqda. Ular orasida:
«Fifa Forward Enterprise» loyihasi atrofidagi mashmashalar;
Donald Trampga FIFA Tinchlik mukofotining topshirilishi;
Jahon chempionatida Folarin Balogun bilan bog‘liq yuzaga kelgan vaziyat o‘rin olgan.
Norvegiya tomoni ushbu murojaatga Yevropaning boshqa yirik futbol federatsiyalarini ham jalb etishni maqsad qilgan.
Avvalroq FIFA tashkilotning tijoriy biznesidan 21 foiz ulushni «Thrive Capital» fondiga 4,2 milliard dollarga sotishni ko‘zda tutgan «Fifa Forward Enterprise» loyihasini bekor qilgan edi. Ushbu reja Yevropa futbol jamoatchiligi tomonidan keskin e’tirozlarga sabab bo‘lgan.