Norvegiya delegatsiyasi Olimpiadada tengsiz bo‘ldi
Joriy yilning 6-22-fevral kunlari Italiyaning Milan hamda Kortina-d’Ampetsso shaharlarida XXV qishki Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning 93 ta mamlakatidan 2 ming 871 nafar sportchi 8 ta sport turining 16 ta yo‘nalishida qatnashdi.
Mazkur musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, Norvegiya delegatsiyasi18 ta oltin, 12 ta kumush, 11 ta bronza jami 41 ta medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rindan joy oldi. AQSH esa 12 tadan oltin va kumush hamda 9 ta bronza medal bilan ikkinchi, Niderlandiya esa 10 ta oltin, 7 ta kumush, 3 ta bronza to‘plab, kuchli uchlikni yakunladi.

Olimpiada mezboni Italiya 10 ta oltin, 6 ta kumush, 14 ta bronza medaliga ega chiqqan holda to‘rtinchi bo‘ldi. Germaniyalik atletlar 8 ta oltin, 10 ta kumush, 8 ta bronzani qo‘lga kiritdi va jadvalning beshinchi pog‘onasidan joy oldi. Shuningdek, Fransiya (8-9-6), Shvetsiya (8-6-4), Shveysariya (6-9-8), Avstriya (5-8-5), Yaponiya (5-7-12) medal to‘plashda 6-10 o‘rinlarni band etdi.


Shu tariqa, bu galgi Olimpiya o‘yinlari ham o‘z yakuniga yetdi. Endi 2030-yilda bo‘lib o‘tadigan XXVI qishki Olimpiya o‘yinlariga Fransiya mezbonlik qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA