Norinda ehtiyojmand oilalarga bepul uylar topshirildi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” ezgu g‘oyasi bugungi kunda jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarida o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.
Buni Namangan viloyatining Norin tumanida ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitini yaxshilash borasidagi ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik bayrami munosabati bilan Norin tumani Bobur nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi eski paxta tozalash zavodi yotoqxonasi o‘rnida qad rostlagan uch qavatli ko‘rkam uy-joy ehtiyojmand oilalarga chinakam tuhfa bo‘ldi.
O‘tgan yili lavozimiga kirishgan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov hududlardagi mavjud muammo va masalalarni o‘rganish chog‘ida tegishli mutasaddilarga Norin tumanidagi uy-joyga muhtoj fuqarolar uchun eski yotoqxona binosini buzib uning o‘rnida zamonaviy uylar barpo etish vazifasini qo‘ygan edi.

O‘tgan fursat davomida bu joyda 18 ta xonadondan iborat ko‘p qavatli uy-joy qurilib, shundan 14 ta kvartira kam ta’minlangan, ijtimoiy ko‘makka muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilalar hamda ushbu yotoqxonada oldindan yashagan ehtiyojmand fuqarolarga bepul taqdim etildi.
Binoning qurilish ishlari uchun 2 milliard 600 million so‘m sarflanib, mazkur mablag‘larning 1 milliard 400 million so‘mi Respublika byudjetidan, qolgan 1 milliard 200 million so‘mi esa tuman mahalliy byudjeti hisobidan shakllantirildi.
Turar-joylarni topshirish marosimi chinakamiga uy to‘ylariga aylanib ketdi. Yangi O‘zbekistonda yangidan yangi imkoniyat, g‘amxo‘rlik va e’zodan bahramand bo‘lgan minnatdor kishilar duoga qo‘l ochdi.
Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Saidaxmad Sultonov, Norin tumani hokimi Dilmurod Qodirov xonadon sohiblariga uy kalitlarini tantanali tarzda topshirdi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA