Noqulay sharoitdagi muvaffaqiyat siri
Chirchiq dala-o‘quv maydoni tund qiyofadagi horg‘in kimsani eslatadi. Ayozning zo‘ridan dov-daraxtlar ham qilt etmaydi. Ayrim nozikta’b odamlar uyida o‘tirib, sovuqdan shikoyat qilib turgan ayni shu pallada Qurolli Kuchlar akademiyasining to‘rtinchi bosqich kursantlari BTR-80 va o‘qotar qurollardan nazorat o‘q otish mashqini bajardilar.

Kursantlarning kichik guruhlar tarkibida, kunduzi va tunda qanotlar bo‘ylab amaliy otish mashqlarini bajarishini jangovar tayyorgarlikning yangi bosqichiga mengzash mumkin edi.
Mashg‘ulot rahbarlari kuzatuvida ishtirokchilar belgilangan vazifalarni guruh-guruh bo‘lib, navbat bilan ado qildilar. Podpolkovniklar – Rashid Ahmadaliyev, Ma’rufxon Komilov, Anvar Sattorov, Abdumannop Turg‘unov kabi akademiya o‘qituvchilari kursantlarning xatti-harakatlaridagi kamchilik va yutuqlarni muhokama qilib, baholab bordi.
Atrof oppoq qor bilan qoplangani, kiyimlardan o‘tib ketayotgan izillagan sovuq ham kor qilmaydi. Ustoz ofitserlarning suhbat mavzusi bugungi kundagi harbiy ta’lim, o‘zgarish va yangilanishlarga ulanib ketadi. Kursantlar qaysi mavzularni o‘zlashtirishda qiynalyapti? Qaysi fanlarda amaliyot bilan vobastalikda nuqsonlar uchraydi? Oliy harbiy ta’lim muassasalarining nufuzini yanada oshirish uchun nimalarga ahamiyat berish kerak?
Muhimi, ayni paytdagi natija – Qurolli Kuchlar akademiyasining to‘rtinchi bosqich kursantlari o‘qotar qurollardan otish va jangovar mashinalarni haydash bo‘yicha kunduzgi va tungi nazorat o‘q otish mashqlarini muvaffaqiyatli bajarmoqdalar.

Tashqaridan qarasangiz, bahaybat harbiy texnika qorli poligonda osongina sirg‘alib-sirg‘alib yurib ketayotgandek ko‘rinadi. O‘rni kelganda nishonni mo‘ljalga olib, o‘q uzadi. Bexato ketsa, yutuq ularniki.
O‘sha jangovar mashinaning ichida o‘zingiz bo‘lsangiz-chi?
Unda vaqt oqimi va makon boshqa o‘lchamga o‘tib qolgandek tuyuladi. Biroz tor, ammo ko‘z ilg‘amas hududgacha ishg‘ol qila oladigan qudratli harbiy texnika. Nazaringizda, allaqancha masofani bosib o‘tib kelsangiz, odatiy chamada uzoqligi sezilmaydi.
– Kursantlar BTR-80 jangovar mashinasi hamda desant qurollari bilan birgalikda yon tomonlama harakat vaqtida otish mashqlarini bajarmoqdalar. Ushbu taktikada hozirgi kunda shahar sharoitida olib boriladigan janglarni o‘rganish asosida kutilmagan vaziyatlarda harakatlanish usullari jamlangan. Bu orqali bo‘lajak ofitserlar o‘rgangan nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlamoqdalar, – dedi podpolkovnik Furqat Yo‘ldoshev.
– Kun o‘tgan sari safdoshlarimning mas’uliyati ortayotganini his qilib turibman. Nega? Chunki sanoqli oylardan keyin biz ham ofitserlar qatoridan o‘rin olamiz. Keyin xatolarimiz kechirilmaydi, o‘rganuvchidan o‘rgatuvchiga aylanamiz. Shuning uchun ham har kunlik fursatimizni g‘animat bilib, bilim, tajriba va ko‘nikmalarimizni oshirishga harakat qilyapmiz. Ushbu mashg‘ulotlar davomida qulay bo‘lmagan sharoitda dushmanning ehtimoliy va kutilmagan hujumlariga qarshi kunduzi va tunda jang olib borish usullarini o‘zlashtiryapmiz, – deydi kursant O‘rolbek Xoliyorov.
Kursantlar bilan suhbatlashganimizda ular oliy harbiy ta’lim muassasasiga kirish chog‘ida va tahsil boshlangandagi hayajon va mas’uliyat haqida gapira ketishdi. Ularning endigi o‘yi, xayoli bo‘lajak ofitserlik faoliyatini muvaffaqiyatli boshlash haqida edi. Bu yo‘lda kursantlar bor g‘ayrat-shijoatlarini ishga solishyapti.
Ushbu mashg‘ulot ham kursantlarning kelgusidagi xizmat faoliyatida asqatuvchi muhim omillardan sanaladi. Kun kelib, ularning timsolida Qurolli Kuchlar akademiyasiga baho beriladi. Shu boisdan ham ular sovug‘u izg‘iringa qaramasdan kunduzgi va tungi nazorat otish mashg‘ulotlarini muvaffaqiyatli bajardilar.
Aziz NORQULOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti xodimi