Noqonuniy "Umra" ziyoratini tashkil etish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi
Samarqand shahri va Namangan viloyatida fuqarolarni noqonuniy ravishda “Umra” ziyoratiga yuborishni va’da qilib, ulardan minglab dollar mablag‘ talab qilgan shaxslar aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi oilaviy korxona vakili “Umra” ziyoratini tashkil etish uchun tegishli vakolatga ega bo‘lmaganiga qaramay, fuqaroning ishonchiga kirgan. U fuqaro va uning ikki nafar qarindoshini Saudiya Arabistoniga ziyoratga yuborish hamda barcha diniy amallarni ado etishlari uchun sharoit yaratib berish evaziga 3 450 AQSH dollari talab qilgan.
Mazkur shaxs talab qilingan mablag‘dan 3 000 AQSH dollarini olayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shunga o‘xshash holat Namangan viloyatida ham qayd etildi. Xususan, Namangan tumanida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroni noqonuniy ravishda “Umra” ziyoratiga yuborishni va’da qilib, buning evaziga 1 350 AQSH dollari talab qilgan. U oldindan 1 200 AQSH dollarini olayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ayni paytda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Hamroz Bayonov,O‘zA