Noqonuniy tibbiyot buyumlari aylanmasiga chek qo‘yildi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan IJQKD xodimlari bilan hamkorlikda oldindan olingan tezkor ma’lumotlar asosida tezkor tadbir tashkil etildi. Unga ko‘ra, Qorako‘l tumani hududida harakatlanayotgan oq rangli “Cobalt” rusumli yengil avtomashina kuzatuvga olindi.
Tekshiruv natijasida avtomashinaning yukxona va salon qismlarida tegishli hujjatlarsiz jami 273 turdagi 6774 dona sifati kafolatlanmagan stomatologik tibbiyot buyumlari borligi aniqlandi. Mazkur mahsulotlar belgilangan tartibda ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.


Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Bunday tezkor tadbirlar aholi salomatligini xavf ostiga qo‘yadigan sifati kafolatlanmagan tibbiyot mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashda muhim o‘rin tutadi.
Zarif Komilov, O‘zA