Noqonuniy savdoga chek qo‘yildi
Bojxona organlari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasi oldini olish maqsadida “Funtik” laqabli xizmat iti yordamida Nukus shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda oldindan olingan tezkor ma’lumot asosida fuqaro T.E “shartli xaridor”ga 500 AQSH dollari evaziga o‘tkir hidli qoramtir rangli giyohvand moddani iste’mol qilib ko‘rsatayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Voqea joyi holislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda stol ustida sigaret qutisida iste’mol qilishga tayyorlangan taxminiy og‘irligi 0,5 gramm o‘tkir hidli qoramtir rangli giyohvand moddasi hamda fuqaroning yonida 4 kapsula “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi, bir dona selofan paketga o‘ralgan o‘tkir hidli qoramtir rangli giyohvand moddasi borligi aniqlandi.
Mazkur tezkor tadbir davomida og‘irligi 5,32 gramm bo‘lgan “gashish” giyohvand moddasi, har biri 300 mg.dan bo‘lgan jami 1,2 gr. 4 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA