Noqonuniy qurilishlar aniqlandi
Qonunchilikda yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallash, undan xo‘jasizlarcha foydalanish va yer hisobini yuritishdagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.
Biroq hududlarda qonunchilikka rioya qilmaslik, yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, jumladan, noqonuniy qurilmalar qurish, shuningdek, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari hamon uchramoqda.
Kadastr agentligining Buxoro viloyati Kogon shahar bo‘limi tomonidan yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, noqonuniy imorat qurilishiga oid joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida 213 holat aniqlangan.
Mazkur qonun buzilish holatlarining 209 tasi jismoniy shaxslar qolgan 4 tasi esa yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilgan. Kadastr xodimlari tomonidan o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar natijasida qonun buzilish holatlarining 108 tasi o‘z joyida bartaraf etilgan. Shuningdek, qonun buzilish holatlarini keltirib chiqargan 246 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonida noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish to‘g‘risida 102 ta da’vo arizalari kiritilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.