Noqonuniy poyga uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida yo‘l harakati xavfsizligi tizimi hamda intellektual mulk ob’ektlarining fuqarolik muomalasidagi aylanmasi oshirilishi va patent vakillarining huquqlari kengaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining mediatsiya natijasida erishilgan xalqaro kelishuv bitimlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonun loyihalari muhokama qilindi.
Ayniqsa, yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi. Loyihaga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxsga transportni boshqarishga topshirish, noqonuniy poyga tashkil etish va bevosita ishtirokchi sifatida qatnashish, shuningdek, yuk mashinalarining tungi vaqtda yo‘l chetida harakat ishtirokchilariga xavf tug‘diradigan holatda to‘xtab turishi yoki tashlab ketilishi, transport vositasini boshqarishda belgilangan tezlikni 80 km/soatdan ortiq yuqori tezlikda oshirish kabi qoidabuzarliklar uchun alohida ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilmoqda.
Fraksiya a’zolari ko‘zda tutilayotgan ushbu yangi normalarni amaliyotga tatbiq etishdan avval xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilgani, yo‘llarda piyodalar va haydovchilarning erkin hamda qulay harakatlanishlari uchun xavfsiz harakat tizimini yanada takomillashtirish, olis va chekka hududlarda ham svetoforlarning uzluksiz va aniq ishlashini ta’minlash, yo‘l belgilari hamda tezlikni o‘lchovchi texnik moslamalarni avvaldan ogohlantiruvchi hududlarga o‘rnatish lozimligi borasida murojaat qildilar.
Shuningdek, yig‘ilishda “Intellektual mulk ob’ektlarining fuqarolik muomalasidagi aylanmasi oshirilishi va patent vakillarining huquqlari kengaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
— Bugungi kunda butun dunyoda intellektul mulkni himoya qilish masalasiga katta e’tbor qaratilyapti, — dedi fraksiya a’zosi Odiljon Iminov. — Chunki har bir innovatsion ishlanmaning boshida intellektul mulkning qay darajada himoyalangani turipti. Mazkur qonun loyihasi bilan ma’lum bir shaxsning patentga ega bo‘lishi va o‘zi yaratgan innovatsion ishlanmasini, mulkini o‘ziniki qilib olishi, patent orqali shu shaxsga tegishli ekanini belgilab qo‘yish nazarda tutilmoqda. Bu patent egalarining huquqlari, intellektual mulk ob’ektlari himoyasini yanada kuchaytiradi.
Yig‘ilishda shuningdek, fraksiya a’zolarining hududlardagi faoliyati muhokama qilindi. Saylovchilar bilan tashkil etilgan ochiq muloqotlar, ijtimoiy soha ob’ektlarini o‘rganish natijalari, uchrashuvlarda fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan muammolar va ularning yechimiga qaratilgan amaliy takliflar ko‘rib chiqildi.
Muhtarama Komilova,
Nosir Haydarov (surat),
O‘zA