Noqonuniy mahsulotlar yo‘q qilindi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyati boshqarmasining Qarshi shahri bo‘limi ish yurituvidagi yo‘q qilish bilan bog‘liq hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida navbatdagi tadbir o‘tkazildi. Unda umumiy qiymati salkam 160 million so‘mlik 25 turdagi tovar moddiy boyliklari tegishli tartibda yo‘q qilindi.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida ushlagan hamda Jinoyat ishlari sudlarning qarorlari bilan huquqbuzar deb topilgan ayblanuvchilarga tegishli jazo qo‘llanilgan.
Shuningdek, huquqbuzarlardan ashyoviy dalil sifatida xatlab olingan tovar moddiy boyliklarini tegishlicha yo‘q qilish belgilangan. Mazkur ijro hujjati Byuroning Qarshi shahar bo‘limi ish yurituviga olindi va o‘tkazilgan tadbir davomida tegishli idoralar vakillari ishtirokida yo‘q qilindi.
– Jumladan, xufiyona yo‘llar orqali mamlakatimizga kirib kelgan vaqtida ushlanib, huquqbuzar deb topilgan B.Abdunazarov va A.Malikovlardan daliliy ashyo sifatida olingan qiymati 45,3 million so‘mlik virus blokatorlar, huquqbuzar I.Hojiyev va Yu.Ibragimovalardan olingan 17.6 million so‘mlik biologik faol qo‘shimchalar, F.Toshboyevdan olingan 17 million so‘mlik antiseptik vositalar, R.To‘xtaqulovdan olingan 21,7 million so‘mlik tamaki mahsulotlari yoqish yo‘li bilan yo‘q qilindi, – dedi MIB Qarshi shahar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Namozov.
O‘lmas Barotov, O‘zA.