Noqonuniy faoliyatga chek qo‘yildi
Xorazm viloyatida iste’molga yaroqsiz alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Xonqa tumanida yashovchi fuqaro X.X. o‘ziga tegishli bo‘lgan omborxonada tegishli hujjatlarsiz 7 turdagi jami 1 ming 857 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini sotish maqsadida saqlab qo‘ygan. Ushbu alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shuningdek, Departamentning Yangiariq tuman bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolar I.G‘., S.B. va R.Sh.lar yashash uyida xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab, qo‘lbola usulda “Organik”, “Qoratau”, “Russkaya”, “Dobraya” nomli alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarayotganligi aniqlanib, ulardan ashyoviy dalil sifatida 8 ming 300 dona aksiz marka, 3 ming 18 dona shisha qopqog‘i, 225 litr spirt, sotish uchun tayyorlanib qo‘yilgan 4 turdagi 1 ming 436 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA