Nonimiz butun boʻladi
Xalqimizda “Hamal kirdi – amal kirdi”, degan naql bor. Bu yilgi bahor yurtimizga ertaroq tashrif buyurdi.
El boshiga ish tushganda
Xalqimizda “Hamal kirdi – amal kirdi”, degan naql bor. Bu yilgi bahor yurtimizga ertaroq tashrif buyurdi. Oʻtgan yili kuzda ekilgan gʻallalar ham dalalarni tezda koʻm-koʻk maysazorga aylantirdi.
Ayni kunlarda butun dunyoga xavf solib turgan koronavirus kasalligining mamlakatimizda tarqalishining oldini olish hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash maqsadida karantin holati eʼlon qilingan. Biroq bu degani “Uyingizda koʻrpa-yostiq qilib yoting!” degani emas. Ayniqsa dehqon, fermerlar va tomorqa yer egalari barcha xavfsizlik choralarini koʻrgan holda zaruriy ishlarini amalga oshirishlari kerak. Chunki, xalqimizning dasturxoni bizning mehnatimiz bilan toʻladi. Ularni rizqu-roʻz bilan taʼminlash bizga bogʻliq. Demak, gʻalla maydonlarini oziqlantirish, parvarishdagi agrotexnika tadbirlarini kechiktirmasdan amalga oshirish taqozo etiladi.
Farovonlik va toʻkinlikning asosiy omili don bilan mezonlanadigan mamlakatimizda gʻalla ishlab chiqarishga jiddiy eʼtibor qaratilgan. Chunki yurtimiz eng koʻp non va non mahsulotlari isteʼmol qilinadigan hududlardan sanaladi.
Davlatimiz rahbarining gʻalla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etishga qaratilgan qaroriga asosan, 2020-yil hosilidan boshlab davlat buyurtmasi asosida boshoqli don yetishtirish amaliyoti bosqichma-bosqich bekor qilinadigan boʻldi.
2021-yildan boshlab davlat tomonidan gʻallaga xarid narxini belgilash amaliyotidan toʻliq voz kechiladi, davlat xaridi toʻliq bekor qilinadi hamda yetishtirilgan gʻalla barcha isteʼmolchilarga birja savdolari orqali yoki toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar asosida erkin narxlarda sotiladi. Sohadagi bunday islohotlar gʻallakor fermer xoʻjaliklarini iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi.
Biz ham Prezidentimiz qaroridan ruhlanib, bahorning erta kelishini inobatga olib, gʻalla parvarishining samarali usullaridan unumli foydalanish choralarini koʻrmoqdamiz.
Qish oylarida bugʻdoy 40-45 kun davomida tinim davrida boʻladi. Bu yil qish faslining nisbatan iliq kelganligi sababli bu davr 10-15 kun davom etdi. Bugʻdoylarning oʻsish davri koʻp davom etganligi sababli juda koʻp oʻgʻit talab qilmoqda. Shu sababdan oʻtgan yilga nisbatan joriy yilda bir tonna mineral oʻgʻit sepish lozim boʻlgan maydonga 300 kilogramm ortiqcha berish lozim boʻlmoqda. Biroq bu yilgi gʻalla boshqa yillarga nisbatan baravj rivojlanmoqda. Dala ichiga kirib bugʻdoy tuplanishini sanaydigan boʻlsak, 28 tupdan to 40 tupgacha yetadi.
Tajribali dehqonlarimiz yilboshi bahorning kelishi bilan ekin parvarishini qanday olib borish lozimligini yaxshi biladi. Chunki koʻklamning har bir kuni gʻanimat. Ayniqsa, gʻalla maysalarining tuklash hamda undan keyingi vegetatsiya davrida bargdan oziqlantirish yuqori samara beradi.
Biz ham “Xorazmagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatining Bogʻot tumani filialining koʻmagida mineral oʻgʻit sepkich hamda bargdan oziqlantirish texnikalari yordamida oziqlantirish ishlarini olib bormoqdamiz. Biz bogʻotlik fermerlar joriy yil Bogʻot tumani boʻyicha 3 ming 340 gektar gʻalla maydonlaridan 8 ming 555 tonnalik hosil olishni rejalashtirganmiz. Shuni 835 tonnasi urugʻlik gʻalla boʻladi.
Ishontirib ayta olamanki, butun dunyoda epidemiologik vaziyat yuzaga kelgan bir davrda fermer va dehqonlarimiz barcha ehtiyot choralarini koʻrgan holda koʻzlangan hosilni yetishtirish maqsadida oziqlantirish va sharbat bilan sugʻorish tadbirlarini kechiktirmasdan oʻz vaqtida amalga oshirmoqda. Davlatimiz va xalqimizning ishonchini oqlash uchun tinimsiz mehnat qilmoqda.
Dilshod Iskandarov,
Bogʻot tumanidagi
“Dilshod” fermer xoʻjaligi rahbari