Nomzodning saylovoldi dasturi qo‘llab-quvvatlanmoqda
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovning Namangan viloyatidagi ishonchli vakili saylovchilar bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Qorapolvon madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan saylovoldi tashviqoti avvalida ishonchli vakil, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Shohista Turg‘unova yig‘ilganlarni nomzodning saylovoldi dasturi bilan atroflicha tanishtirdi. Xususan, nomzod dasturidagi davlat hisobidan oliy ta’lim olish tizimini takomillashtirish, kam ta’minlangan oilalarning iqtidorli farzandlarining ta’lim olishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda talabalarning darsni o‘zlashtirishi va ularning innovatsion faoliyatda ishtirokiga qarab, stipendiyalar miqdorini belgilash tashabbuslari haqida atroflicha tushuntirishlar berdi.


Uchqo‘rg‘on tumanidagi 19-sonli umumta’lim maktabi binosida nomzodning ishonchli vakili ishtirokida saylovchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuv ham fuqarolarning yuksak ko‘tarinkiligi va siyosiy faolligi tarzida kechdi. Ishonchli vakil Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovning tarjimai holi haqida to‘xtaldi. So‘ngra, saylovoldi dasturda O‘zXDPdan nomzod ilgari surgan taklif-tashabbuslarning ustuvor jihatlariga e’tibor qaratdi. Ta’kidlab o‘tilganidek, dasturda ish bilan ta’minlanmagan fuqarolarni, ayniqsa, ishsiz ayollar sonini keskin kamaytirishga urg‘u berilgan. Saylovoldi tashviqotlarida ishonchli vakil saylovchilarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Ulug‘bek Inoyatovni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA